Docker o'rnatish: Windows, macOS va Linux

Docker nima darsida konteyner qaysi muammoni hal qilishini ko’rdingiz. Endi Docker’ni kompyuteringizga o’rnatasiz. Dars oxirida terminalda birinchi konteyner ishga tushadi va siz uning har bir qatorini o’qiy olasiz.

Docker Desktop va Docker Engine

Docker ikki ko’rinishda o’rnatiladi. Qaysi biri kerakligi operatsion tizimga bog’liq.

Docker DesktopDocker Engine
QayerdaWindows, macOS (Linux uchun ham bor)Linux
IchidaEngine + virtual mashina + grafik oynaFaqat Engine
O’rnatishBitta o’rnatuvchi faylapt paketlari
KimgaIsh kompyuteriServer va Linux kompyuter

Konteynerlarga Linux yadrosi kerak. Linux’da u tayyor, shuning uchun Engine to’g’ridan-to’g’ri ishlaydi. Windows va macOS’da esa Docker Desktop yadroni virtual mashina orqali beradi.

Windows: WSL2 va Docker Desktop

Windows’da Docker Desktop konteynerlarni WSL2 ichida ishlatadi.

  1. PowerShell’da WSL o’rnatilganini tekshiring:

    wsl --version
    WSL version: 2.6.3.0
    Kernel version: 6.6.87.2-1
    ...

    Versiya chiqmasa yoki buyruq topilmasa, PowerShell’ni administrator sifatida oching, wsl --install buyrug’ini bering va kompyuterni qayta ishga tushiring.

  2. Docker’ning rasmiy saytidan (docs.docker.com) Windows uchun Docker Desktop o’rnatuvchisini yuklab oling.

  3. O’rnatuvchini ishga tushiring. Sozlamalar oynasida WSL2 ishlatish belgisi yoqilgan bo’lsin — odatda u standart holda yoqiq turadi.

  4. O’rnatish tugagach, kompyuterni qayta ishga tushirish so’ralishi mumkin.

  5. Docker Desktop’ni oching va litsenziya shartlarini qabul qiling. Birinchi ishga tushish bir necha daqiqa olishi mumkin: ilova Engine ishlayotganini ko’rsatguncha kuting.

Tayyor bo’lgach, wsl -l -v ro’yxatida Docker’ning o’z tizimi ko’rinadi:

wsl -l -v
  NAME              STATE           VERSION
* docker-desktop    Running         2

macOS

  1. Docker’ning rasmiy saytidan macOS uchun Docker Desktop’ni yuklab oling. Protsessoringiz turini tanlang: Apple Silicon (M seriyali) yoki Intel. Uni “Bu Mac haqida” oynasida ko’rasiz.
  2. .dmg faylni oching va Docker belgisini Applications papkasiga torting.
  3. Docker’ni Applications’dan ishga tushiring va so’ralgan ruxsatlarni bering.
  4. Menyu panelidagi kit belgisi Docker ishlayotganini bildiradi.

Tekshirish quyidagi bo’limdagi docker version bilan bir xil.

Linux (Ubuntu): rasmiy apt repozitoriy

Ubuntu’ning o’z omborlarida ham docker.io paketi bor, lekin u ko’pincha eskiroq bo’ladi. Docker’ning o’z repozitoriysini ulash yangilanishlarni to’g’ridan-to’g’ri Docker’dan olishni ta’minlaydi.

Quyidagi qadamlar Docker hujjatlaridagi usulni takrorlaydi va Ubuntu 24.04 da sinab ko’rilgan. apt va sudo nima ekani paketlar va servislar darsida.

  1. Kerakli vositalarni o’rnating:

    sudo apt update
    sudo apt install ca-certificates curl
  2. Docker’ning imzo kalitini yuklab oling:

    sudo install -m 0755 -d /etc/apt/keyrings
    sudo curl -fsSL https://download.docker.com/linux/ubuntu/gpg -o /etc/apt/keyrings/docker.asc
    sudo chmod a+r /etc/apt/keyrings/docker.asc

    Kalit apt ga yuklanayotgan paketlar haqiqatan Docker’dan kelganini tekshirish imkonini beradi.

  3. Repozitoriyni qo’shing:

    sudo tee /etc/apt/sources.list.d/docker.sources <<EOF
    Types: deb
    URIs: https://download.docker.com/linux/ubuntu
    Suites: $(. /etc/os-release && echo "${UBUNTU_CODENAME:-$VERSION_CODENAME}")
    Components: stable
    Signed-By: /etc/apt/keyrings/docker.asc
    EOF

    Suites qatoriga Ubuntu versiyangizning nomi o’zi qo’yiladi. 24.04 uchun natija:

    Types: deb
    URIs: https://download.docker.com/linux/ubuntu
    Suites: noble
    Components: stable
    Signed-By: /etc/apt/keyrings/docker.asc
  4. Paketlar ro’yxatini yangilang va Docker’ni o’rnating:

    sudo apt update
    sudo apt install docker-ce docker-ce-cli containerd.io docker-buildx-plugin docker-compose-plugin

    sudo apt update chiqishida download.docker.com qatorlari ko’rinsa, repozitoriy to’g’ri ulangan:

    Get:5 https://download.docker.com/linux/ubuntu noble InRelease [48.5 kB]
    Get:6 https://download.docker.com/linux/ubuntu noble/stable amd64 Packages [88.5 kB]

O’rnatilgach Docker servisi o’zi ishga tushadi. Hozircha har buyruqni sudo bilan bering: sudo docker version. sudo siz ishlatish quyidagi xato bo’limida.

docker version — client va server

O’rnatish tugagach birinchi tekshiruv:

docker version
Client:
 Version:           29.2.1
 API version:       1.53
 Go version:        go1.25.6
 Git commit:        a5c7197
 Built:             Mon Feb  2 17:20:16 2026
 OS/Arch:           windows/amd64
 Context:           desktop-linux

Server: Docker Desktop 4.64.0 (221278)
 Engine:
  Version:          29.2.1
  API version:      1.53 (minimum version 1.44)
  Go version:       go1.25.6
  Git commit:       6bc6209
  Built:            Mon Feb  2 17:17:24 2026
  OS/Arch:          linux/amd64
  Experimental:     false
 containerd:
  Version:          v2.2.1
 ...

Bu natija Windows’dagi Docker Desktop’dan olingan. Versiya raqamlari sizda boshqacha bo’lishi mumkin. Muhimi — ikki bo’lim ham chiqishi:

  • Client — siz yozgan docker buyrug’i. Windows’da uning OS/Arch qatori windows/amd64.
  • Server — Docker Engine (daemon). Uning OS/Arch qatori linux/amd64: konteynerlar Linux ichida ishlaydi, Windows’da ham.

Faqat Client chiqib, keyin xato bo’lsa — client o’rnatilgan, lekin daemon ishlamayapti.

docker run hello-world — natijani o’qish

Docker to’liq ishlashini tekshirishning rasmiy usuli — hello-world image’i:

docker run hello-world
Unable to find image 'hello-world:latest' locally
latest: Pulling from library/hello-world
4f55086f7dd0: Pull complete
Digest: sha256:c567b231f65614688711a75f31518a064258a51d442117a3e771a3a8fdba78ef
Status: Downloaded newer image for hello-world:latest

Hello from Docker!
This message shows that your installation appears to be working correctly.

To generate this message, Docker took the following steps:
 1. The Docker client contacted the Docker daemon.
 2. The Docker daemon pulled the "hello-world" image from the Docker Hub.
    (amd64)
 3. The Docker daemon created a new container from that image which runs the
    executable that produces the output you are currently reading.
 4. The Docker daemon streamed that output to the Docker client, which sent it
    to your terminal.
...

Chiqishni qism-qism o’qing:

QatorMa’nosi
Unable to find image ... locallyKompyuterda bu image yo’q
Pulling from library/hello-worldDocker Hub’dan yuklanmoqda
Status: Downloaded newer imageImage yuklandi va saqlandi
Hello from Docker!Konteyner ishga tushdi va matnni chiqardi

Matndagi to’rt qadam butun Docker oqimini ko’rsatadi: client daemon’ga murojaat qildi, daemon image’ni registry’dan oldi, undan konteyner yaratdi va natijani terminalingizga uzatdi. Matnni chiqargach konteyner to’xtadi — uning vazifasi shu edi.

Buyruqni ikkinchi marta bersangiz, yuklash qatorlari chiqmaydi: image endi kompyuterda bor. Birinchi qatordagi hello-world:latest dagi latest qismi — teg, ya’ni image versiyasi. Biz uni yozmadik, Docker o’zi qo’shdi. Bu nega xavfli bo’lishi mumkinligi keyingi darsda.

Amaliy mashq

  1. O’z tizimingizga mos usulda Docker’ni o’rnating: Windows’da WSL2 va Docker Desktop, macOS’da Docker Desktop, Ubuntu’da apt repozitoriy;
  2. docker version bering va natijada Client va Server bo’limlari ikkalasi ham borligini tekshiring. Server’ning OS/Arch qiymatini yozib qo’ying;
  3. Docker Desktop’ni (Linux’da sudo systemctl stop docker bilan servisni) to’xtatib, docker version ni qayta bering. Xato matnini o’qing, keyin Docker’ni qayta ishga tushiring;
  4. docker run hello-world bering;
  5. Natijadagi to’rt qadamni o’z so’zingiz bilan o’zbekcha yozing: kim kimga murojaat qildi va nima qildi;
  6. Buyruqni ikkinchi marta bering va birinchi natija bilan farqini toping.

3-qadam eng foydalisi: daemon ishlamayotgandagi xatoni bir marta ko’rgan odam uni keyin bir qarashda taniydi.

Qisqacha xulosa

  • Windows va macOS’da Docker Desktop, Linux’da Docker Engine o’rnatiladi.
  • Windows’da Docker Desktop konteynerlarni WSL2 ichida ishlatadi.
  • Ubuntu’da Docker rasmiy apt repozitoriysi orqali o’rnatiladi; skriptni curl bilan sh ga uzatish usuli ishlatilmaydi.
  • docker version da Client va Server ikkalasi chiqishi kerak — Server yo’q bo’lsa, daemon ishlamayapti.
  • Linux’da permission denied xatosi foydalanuvchi docker guruhida yo’qligini bildiradi; bu guruh root huquqiga teng.
  • docker run hello-world image’ni yuklaydi, konteyner yaratadi, matn chiqaradi va konteyner to’xtaydi.

Keyingi darsda image va konteyner — image yuklash, undan bir nechta konteyner yaratish va ularning hayot sikli.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi