Docker volume: konteyner ma'lumotini saqlash

MongoDB’ni konteynerda ishga tushirdingiz, bir nechta vazifa qo’shdingiz. Ertasi kuni image’ning yangi versiyasi chiqdi va konteynerni qayta yaratdingiz — baza bo’m-bo’sh. Konteyner ichidagi fayllar konteyner bilan birga yashaydi va birga o’chadi. Bu darsda ma’lumotni konteynerdan tashqarida saqlashni o’rganamiz.

Konteyner fayl tizimi vaqtinchalik

Image’ning qatlamlari o’tgan darsda ko’rganingizdek faqat o’qish uchun. Konteyner ishga tushganda ularning ustiga bitta yoziladigan qatlam qo’shiladi. Konteyner yozgan hamma narsa (log, baza fayli, yuklangan rasm) shu qatlamga tushadi.

docker rm bu qatlamni o’chiradi. Image’ning o’zi o’zgarmaydi — undan yaratilgan yangi konteyner toza holatdan boshlanadi.

Tajriba. mongo:8 image’idan konteyner ishga tushiring:

docker run -d --name task-mongo mongo:8

Biroz kuting (baza 3-5 soniyada tayyor bo’ladi) va mongosh orqali hujjat qo’shing:

docker exec task-mongo mongosh --quiet taskdb --eval "db.tasks.insertOne({ title: 'Docker darsi', isDone: false })"
{
  acknowledged: true,
  insertedId: ObjectId('6aef8ceb9cc0ea3600919d38')
}
docker exec task-mongo mongosh --quiet taskdb --eval 'db.tasks.countDocuments()'
1

mongosh mongo image’i ichida bor, shuning uchun uni kompyuterga o’rnatish shart emas. insertOne va countDocuments MongoDB bo’limida ko’rilgan.

Endi konteynerni o’chirib, xuddi shunday yangisini yarating:

docker rm -f task-mongo
docker run -d --name task-mongo mongo:8
docker exec task-mongo mongosh --quiet taskdb --eval 'db.tasks.countDocuments()'
0

Hujjat yo’qoldi. Konteyner nomi bir xil, image bir xil — lekin bu boshqa konteyner.

Volume nima

Ulanish -v nom:papka bilan beriladi:

-v task-mongo-data:/data/db
   ───────┬──────  ───┬───
          │           └── konteyner ichidagi papka
          └── volume nomi

/data/db — MongoDB fayllarini saqlaydigan papka. Uni mongo image’ining Docker Hub sahifasidagi hujjat aytadi. Har baza image’ida bunday papka bor — boshqa baza ishlatsangiz, uni o’sha image hujjatidan toping.

Named volume bilan tajriba

Avvalgi konteynerni o’chiring va volume yarating:

docker rm -f task-mongo
docker volume create task-mongo-data
docker volume ls
DRIVER    VOLUME NAME
local     task-mongo-data

Konteynerni volume bilan ishga tushiring va hujjat qo’shing:

docker run -d --name task-mongo -v task-mongo-data:/data/db mongo:8
docker exec task-mongo mongosh --quiet taskdb --eval "db.tasks.insertOne({ title: 'Docker darsi', isDone: false })"
{
  acknowledged: true,
  insertedId: ObjectId('6aef8d0b1aa52c4482763460')
}

Endi konteynerni butunlay o’chirib, qayta yarating — o’sha volume bilan:

docker rm -f task-mongo
docker run -d --name task-mongo -v task-mongo-data:/data/db mongo:8
docker exec task-mongo mongosh --quiet taskdb --eval 'db.tasks.find({}, { _id: 0 }).toArray()'
[ { title: 'Docker darsi', isDone: false } ]

Hujjat joyida. Yangi konteyner volume’dagi tayyor baza fayllarini topdi va ulardan davom etdi. Image’ni yangilash ham shunday ishlaydi: konteynerni yangi image bilan qayta yaratasiz, ma’lumot volume’da qoladi.

docker volume create ni o’tkazib yuborsangiz ham bo’ladi: -v da ko’rsatilgan nomli volume yo’q bo’lsa, Docker uni o’zi yaratadi.

docker volume buyruqlari

BuyruqVazifasi
docker volume lsHamma volume ro’yxati
docker volume create <nom>Yangi volume
docker volume inspect <nom>Volume haqida ma’lumot
docker volume rm <nom>Volume’ni o’chirish
docker volume inspect task-mongo-data
[
    {
        "CreatedAt": "2026-11-07T20:41:38Z",
        "Driver": "local",
        "Labels": null,
        "Mountpoint": "/var/lib/docker/volumes/task-mongo-data/_data",
        "Name": "task-mongo-data",
        "Options": null,
        "Scope": "local"
    }
]

Mountpoint — fayllar Docker mashinasida qayerda turgani. Windows va macOS’da Docker Desktop alohida Linux virtual mashinasida ishlaydi, shuning uchun bu papkani Explorer yoki Finder’da topa olmaysiz. Volume bilan Docker buyruqlari orqali ishlang.

Ishlatilayotgan volume’ni o’chirib bo’lmaydi:

docker volume rm task-mongo-data
Error response from daemon: remove task-mongo-data: volume is in use - [503fab365c8174dbf7882b5c6a3fbdd43c77e09ca87daae9e99502edc1924385]

Bu himoya. Avval konteynerni o’chiring, keyin volume’ni:

docker rm -f task-mongo
docker volume rm task-mongo-data

Bind mount — ishlab chiqishda

Named volume’ni Docker boshqaradi. Bind mount esa kompyuteringizdagi aniq papkani konteynerga ulaydi.

Farq -v ning chap qismida: nom bo’lsa — volume, yo’l bo’lsa (./, / yoki $(pwd) bilan boshlansa) — bind mount.

Eng ko’p ishlatilishi — kod yozayotganda image’ni qayta build qilmaslik. task-api papkasida (kompyuterda npm install bajarilgan bo’lishi kerak):

docker run -d --name task-api-dev -p 3000:3000 -v "$(pwd)":/app task-api:1.0 npx nodemon --legacy-watch server.js

$(pwd) — joriy papka; buyruq WSL, Linux yoki macOS terminali uchun. PowerShell’da uning o’rniga "${PWD}:/app" yoziladi. Git Bash yo’llarni o’zgartirib yuboradi, shuning uchun bu buyruqni unda ishlatmang.

Buyruq oxiridagi npx nodemon ... image’dagi CMD o’rniga bajariladi. server.js ni kompyuterda o’zgartirib saqlang va logga qarang:

docker logs task-api-dev
[nodemon] 3.1.14
[nodemon] to restart at any time, enter `rs`
[nodemon] watching path(s): *.*
[nodemon] watching extensions: js,mjs,cjs,json
[nodemon] starting `node server.js`
[nodemon] restarting due to changes...
[nodemon] starting `node server.js`
Server ishga tushdi: 3000-portda

Konteyner o’zgarishni sezdi va ilovani qayta ishga tushirdi. Image qayta yig’ilmadi. nodemon ning o’zi birinchi server darsida ko’rilgan.

Qaysi biri qachon

Named volumeBind mount
Yozilishi-v task-mongo-data:/data/db-v "$(pwd)":/app
Fayllar qayerdaDocker boshqaradiSiz tanlagan papkada
Asosiy vazifaMa’lumotni saqlashKodni konteynerga ulash
QachonBaza, yuklangan fayllarIshlab chiqish
Boshqa kompyuterdaBir xil ishlaydiPapka yo’li o’zgaradi

Qisqasi: ma’lumot — named volume’ga, kod — image’ga (ishlab chiqishda bind mount orqali). MongoDB’ni kompyuterga o’rnatish o’rniga konteyner va volume bilan ishlatish ham shu darsning natijasi: baza kerak bo’lsa bitta buyruq, kerak bo’lmasa o’chirasiz va tizimda iz qolmaydi.

Tozalash:

docker rm -f task-api-dev task-mongo
docker volume rm task-mongo-data

Amaliy mashq

  1. mongo:8 konteynerini volume’siz ishga tushiring, insertOne bilan hujjat qo’shing va countDocuments() bilan tekshiring;
  2. Konteynerni docker rm -f bilan o’chirib, qayta yarating — hujjat sonini tekshiring;
  3. docker volume ls da nomsiz volume’lar paydo bo’lganini ko’ring;
  4. task-mongo-data volume’i bilan tajribani takrorlang: hujjat qo’shing, konteynerni o’chirib qayta yarating va find() bilan hujjat joyida ekanini tasdiqlang;
  5. Konteyner ishlab turganda docker volume rm task-mongo-data ni bajarib, xatoni o’qing;
  6. task-api ni bind mount va nodemon --legacy-watch bilan ishga tushiring, server.js dagi matnni o’zgartirib curl bilan natijani tekshiring.

4-qadam darsning asosiy natijasi: konteyner yangilanadi, ma’lumot esa volume’da qoladi.

Qisqacha xulosa

  • Konteyner o’chirilsa, uning ichida yozilgan fayllar ham o’chadi.
  • Named volume (-v nom:/papka) konteynerdan tashqarida yashaydi va yangi konteynerga qayta ulanadi.
  • MongoDB fayllari /data/db da turadi — -v task-mongo-data:/data/db bazani konteyner qayta yaratilganda saqlaydi.
  • Volume nomsiz qolsa, ma’lumot diskda qoladi, lekin yangi konteyner uni ko’rmaydi; vaqtinchalik konteyner docker rm -v bilan o’chiriladi.
  • docker volume ls, inspect, rm; ishlatilayotgan volume’ni o’chirib bo’lmaydi, o’chirilgani qaytmaydi.
  • Bind mount kompyuterdagi papkani ulaydi — ishlab chiqish uchun; Windows’da loyihani WSL fayl tizimida saqlash tavsiya etiladi.

Keyingi darsda konteynerlar tarmog’i — Express konteyneri MongoDB konteynerini qanday topadi.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi