Linux paketlar va servislar: apt, systemctl, journalctl
Serverga Nginx kerak. Windows’dagi odat bo’yicha saytga kirib, o’rnatuvchi faylni yuklab olish kerakdek tuyuladi. Linux’da bunday qilinmaydi: bitta buyruq dasturni rasmiy ombordan topadi, kerakli qo’shimchalari bilan birga o’rnatadi va servis sifatida ishga tushiradi. Bu darsda dastur o’rnatish, uni fon xizmati sifatida boshqarish va u ishlamay qolganda sababini topishni o’rganasiz.
Paket menejeri nima
Agar npm va package.json darsini o’tgan bo’lsangiz, g’oya tanish:
npm | apt | |
|---|---|---|
| Nima o’rnatadi | JavaScript kutubxonalari | Butun tizim uchun dasturlar |
| Qayerdan oladi | npm registry | Ubuntu omborlari |
| Qayerga o’rnatadi | Loyihaning node_modules papkasiga | Tizim papkalariga (/usr, /etc) |
| Bog’liqliklar | O’zi o’rnatadi | O’zi o’rnatadi |
| Ruxsat | Oddiy foydalanuvchi | sudo kerak |
apt tizim papkalariga yozadi, shuning uchun o’rnatish va o’chirish
buyruqlari sudo bilan beriladi. Bu nima ekanini
ruxsatlar va sudo darsida ko’rgansiz.
apt update va apt upgrade farqi
Bu ikki buyruq ko’p adashtiriladi.
| Buyruq | Nima qiladi |
|---|---|
sudo apt update | Omborlardan paketlar ro’yxatini yangilaydi. Hech narsa o’rnatilmaydi |
sudo apt upgrade | O’rnatilgan paketlarni ro’yxatdagi yangi versiyalarga ko’taradi |
Avval doim update:
sudo apt update
Hit:1 http://security.ubuntu.com/ubuntu noble-security InRelease
Hit:2 http://archive.ubuntu.com/ubuntu noble InRelease
Hit:3 http://archive.ubuntu.com/ubuntu noble-updates InRelease
Hit:4 http://archive.ubuntu.com/ubuntu noble-backports InRelease
Reading package lists... Done
Building dependency tree... Done
Reading state information... Done
3 packages can be upgraded. Run 'apt list --upgradable' to see them.
Oxirgi qator nechta paketning yangi versiyasi borligini aytadi. Sizda son boshqacha bo’ladi. Ro’yxatni ko’rish:
apt list --upgradable
Listing... Done
apt/noble-updates,noble-security 2.8.4ubuntu0.1 amd64 [upgradable from: 2.8.3]
libapt-pkg6.0t64/noble-updates,noble-security 2.8.4ubuntu0.1 amd64 [upgradable from: 2.8.3]
libpcre2-8-0/noble-updates,noble-security 10.42-4ubuntu2.2 amd64 [upgradable from: 10.42-4ubuntu2.1]
Yangilash sudo apt upgrade bilan bajariladi. Serverda buni muntazam
qilib turing: yangilanishlarning katta qismi xavfsizlik tuzatishlari.
apt install va apt remove
Nginx’ni o’rnatamiz:
sudo apt install nginx
Reading package lists... Done
Building dependency tree... Done
Reading state information... Done
The following additional packages will be installed:
nginx-common
Suggested packages:
fcgiwrap nginx-doc ssl-cert
The following NEW packages will be installed:
nginx nginx-common
0 upgraded, 2 newly installed, 0 to remove and 3 not upgraded.
Need to get 570 kB of archives.
After this operation, 1602 kB of additional disk space will be used.
Do you want to continue? [Y/n]
apt nimani o’rnatishini oldindan aytadi va tasdiq so’raydi. Y va
Enter bosing. Siz faqat nginx ni so’radingiz, nginx-common ni
apt o’zi qo’shdi — bu bog’liqlik.
Tekshirish:
nginx -v
nginx version: nginx/1.24.0 (Ubuntu)
Versiya sizda boshqacha bo’lishi mumkin — omborda qaysi versiya turganiga bog’liq.
O’chirish uchun ikki buyruq bor:
| Buyruq | Dastur | Sozlama fayllari (/etc/nginx) |
|---|---|---|
sudo apt remove nginx | O’chiriladi | Qoladi |
sudo apt purge nginx | O’chiriladi | O’chiriladi |
remove dan keyin qayta o’rnatsangiz, eski sozlamalaringiz joyida
bo’ladi. purge esa tizimni toza holatga qaytaradi. remove
natijasida apt yana bir maslahat beradi:
Use 'sudo apt autoremove' to remove it.
Bu — nginx bilan birga kelgan va endi hech kimga kerak bo’lmagan
nginx-common ni o’chirish taklifi.
Servis nima
Nginx o’rnatildi, lekin siz uni hali ishga tushirmadingiz. Shunga qaramay u allaqachon ishlab turibdi:
curl -I localhost
HTTP/1.1 200 OK
Server: nginx/1.24.0 (Ubuntu)
Content-Type: text/html
Content-Length: 615
Connection: keep-alive
Ubuntu’da Nginx paketi o’rnatilganda servisni o’zi yoqib qo’yadi.
Jarayonlar va portlar darsidagi
& bilan ishga tushgan dasturdan farqi: servis terminal yopilganda
o’lmaydi va tizim qayta yonganda o’zi ko’tariladi.
systemctl — servisni boshqarish
Holatni ko’rish:
systemctl status nginx
● nginx.service - A high performance web server and a reverse proxy server
Loaded: loaded (/usr/lib/systemd/system/nginx.service; enabled; preset: enabled)
Active: active (running) since Sat 2026-11-07 20:38:49 UTC; 6s ago
Docs: man:nginx(8)
Process: 1162 ExecStartPre=/usr/sbin/nginx -t -q -g daemon on; master_process on; (code=exited, status=0/SUCCESS)
Process: 1163 ExecStart=/usr/sbin/nginx -g daemon on; master_process on; (code=exited, status=0/SUCCESS)
Main PID: 1200 (nginx)
Tasks: 3 (limit: 9296)
Memory: 9.0M (peak: 20.4M)
CPU: 135ms
CGroup: /system.slice/nginx.service
├─1200 "nginx: master process /usr/sbin/nginx -g daemon on; master_process on;"
├─1203 "nginx: worker process"
└─1204 "nginx: worker process"
Uzun natija bo’lsa systemctl uni less da ochadi — q bilan
chiqasiz. Ikki qator eng muhim:
Loaded: ... enabled— tizim yonganda servis o’zi ishga tushadi;Active: active (running)— hozir ishlab turibdi.
worker process qatorlari soni protsessor yadrolari soniga bog’liq.
Asosiy buyruqlar:
| Buyruq | Nima qiladi |
|---|---|
sudo systemctl start nginx | Ishga tushiradi |
sudo systemctl stop nginx | To’xtatadi |
sudo systemctl restart nginx | To’xtatib, qayta ishga tushiradi |
sudo systemctl reload nginx | To’xtatmasdan sozlamani qayta o’qiydi |
sudo systemctl enable nginx | Tizim yonganda avtomatik ishga tushadigan qiladi |
sudo systemctl disable nginx | Avtomatik ishga tushishni o’chiradi |
start/stop hozirgi holatni, enable/disable esa keyingi yonishni
boshqaradi. Bular mustaqil: servis enabled bo’lib, hozir to’xtatilgan
bo’lishi mumkin.
Servisni to’xtatib ko’ring:
sudo systemctl stop nginx
systemctl status nginx
○ nginx.service - A high performance web server and a reverse proxy server
Loaded: loaded (/usr/lib/systemd/system/nginx.service; enabled; preset: enabled)
Active: inactive (dead) since Sat 2026-11-07 20:38:56 UTC; 12ms ago
Endi so’rov javobsiz qoladi:
curl localhost
curl: (7) Failed to connect to localhost port 80 after 0 ms: Couldn't connect to server
Qayta ishga tushiring:
sudo systemctl start nginx
systemctl is-active nginx
active
journalctl — servis jurnali
Servis yiqilsa, sababini terminalda ko’rmaysiz: u fonda ishlaydi. systemd servisning hamma xabarlarini jurnalga yozadi.
Xatoni ataylab yaratamiz. Avval sozlama faylidan nusxa oling:
sudo cp /etc/nginx/sites-available/default /etc/nginx/sites-available/default.backup
sudo nano /etc/nginx/sites-available/default
Fayldagi listen 80 default_server; qatorining oxiridagi ; ni
o’chiring, saqlang va servisni qayta ishga tushiring:
sudo systemctl restart nginx
Job for nginx.service failed because the control process exited with error code.
See "systemctl status nginx.service" and "journalctl -xeu nginx.service" for details.
Holat:
systemctl status nginx
× nginx.service - A high performance web server and a reverse proxy server
Loaded: loaded (/usr/lib/systemd/system/nginx.service; enabled; preset: enabled)
Active: failed (Result: exit-code) since Sat 2026-11-07 20:39:06 UTC; 12ms ago
failed — servis yiqildi, lekin nega? Jurnalning oxirgi qatorlarini
o’qing:
sudo journalctl -u nginx -n 5
Nov 07 20:39:06 laptop nginx[1427]: 2026/11/07 20:39:06 [emerg] 1427#1427: invalid parameter "listen" in /etc/nginx/sites-enabled/default:23
Nov 07 20:39:06 laptop nginx[1427]: nginx: configuration file /etc/nginx/nginx.conf test failed
Nov 07 20:39:06 laptop systemd[1]: nginx.service: Control process exited, code=exited, status=1/FAILURE
Nov 07 20:39:06 laptop systemd[1]: nginx.service: Failed with result 'exit-code'.
Nov 07 20:39:06 laptop systemd[1]: Failed to start nginx.service - A high performance web server and a reverse proxy server.
Birinchi qatorda sabab: fayl va qator raqami (default:23). ; yo’qligi
sababli Nginx keyingi qatordagi listen ni oldingisining davomi deb
o’qidi. Xato ko’rsatilgan qator va undan oldingisini birga tekshiring.
| Bayroq | Nima qiladi |
|---|---|
-u nginx | Faqat shu servis xabarlari |
-n 20 | Oxirgi 20 qator |
-f | Yangi qatorlarni jonli kuzatish (tail -f kabi), Ctrl+C bilan chiqiladi |
--since "1 hour ago" | Oxirgi bir soatdagi xabarlar |
Ko’p servislar nginx -t kabi sozlamani tekshiruvchi buyruqqa ega.
Nginx sozlamasini o’zgartirgandan keyin doim avval shuni yurgizing:
sudo nginx -t
nginx: the configuration file /etc/nginx/nginx.conf syntax is ok
nginx: configuration file /etc/nginx/nginx.conf test is successful
Faylni nusxadan tiklang va servisni qayta ishga tushiring:
sudo cp /etc/nginx/sites-available/default.backup /etc/nginx/sites-available/default
sudo systemctl restart nginx
Nginx sozlamasining o’zi — server, location, reverse proxy —
Express deploy darsida ko’rilgan. Bu darsda Nginx
faqat servis namunasi.
WSL’da systemd
systemctl faqat tizimni systemd boshqarayotgan bo’lsa ishlaydi. Aks
holda:
System has not been booted with systemd as init system (PID 1). Can't operate.
Failed to connect to bus: Host is down
Ubuntu’ning yangi WSL o’rnatmalarida systemd standart holda yoqilgan. Tekshirish — 1-raqamli jarayon nomi:
ps -p 1 -o comm=
systemd
Boshqa nom chiqsa (init), systemd’ni qo’lda yoqing:
-
Sozlama faylini oching:
sudo nano /etc/wsl.conf -
Quyidagi qatorlarni yozing va saqlang:
[boot] systemd=true -
Windows tomonida PowerShell’da WSL’ni to’liq o’chiring:
wsl --shutdown -
Ubuntu’ni qayta oching va
ps -p 1 -o comm=ni tekshiring.
Amaliy mashq
sudo apt updateni bajaring va nechta paket yangilanishi mumkinliginiapt list --upgradablebilan ko’ring;sudo apt install nginxbilan Nginx o’rnating,nginx -vbilan tekshiring;systemctl status nginxdaenabledvaactive (running)ni toping,curl -I localhostbilan200 OKjavobini oling;sudo systemctl stop nginxbilan to’xtatib,curl localhostxatosini ko’ring, keyinstartbilan qaytaring;- Sozlama faylidan nusxa olib, unda bitta
;ni o’chiring.restartxatosidan keyinsudo journalctl -u nginx -n 5dan fayl nomi va qator raqamini toping; - Faylni nusxadan tiklang,
sudo nginx -tbilan tekshiring va servisni qayta ishga tushiring.
5-qadam eng muhimi: serverda servis yiqilganda sabab ekranda emas, jurnalda bo’ladi.
Qisqacha xulosa
apt— Ubuntu’ning paket menejeri; o’rnatish va o’chirishsudobilan.apt updatero’yxatni yangilaydi,apt upgradepaketlarni yangilaydi — avval birinchisi.apt removesozlamalarni qoldiradi,apt purgeularni ham o’chiradi.- Servis — fonda doimiy ishlaydigan dastur, uni systemd boshqaradi.
systemctl start/stop/restarthozirgi holatni,enable/disabletizim yonganda ishga tushishni boshqaradi.- Servis yiqilsa, sabab
journalctl -u nomida; Nginx sozlamasinginx -tbilan oldindan tekshiriladi. - WSL’da
systemctluchun/etc/wsl.confdasystemd=truekerak.
Keyingi darsda SSH: serverga ulanish — masofadagi kompyuterda xuddi shu buyruqlarni bajarish.