docker run parametrlari: -d, --name, -p, -e, --rm, -it

Oldingi darsda Nginx konteyneri ishga tushdi, lekin brauzerdan unga kirib bo’lmadi: PORTS ustunida faqat 80/tcp turardi. Konteyner o’z tarmog’ida yashaydi va tashqaridan yopiq. Bu darsda docker run parametrlari bilan konteynerni fonda ishlatasiz, nom berasiz, portini ochasiz va sozlamani muhit o’zgaruvchisi orqali uzatasiz.

Fonda ishlatish: -d

-d (detached — ajratilgan) bo’lmasa, konteyner terminalni band qiladi va Ctrl + C uni to’xtatadi. -d bilan konteyner fonda ishlaydi, terminal esa bo’sh qoladi:

docker run -d nginx:1.30
089a39f7e399d156ab486578b6f0d94e8dd07d5bc9afa8d79ba24d8701a0d39e

Docker faqat konteyner ID’sini chiqaradi. Nginx loglari endi ekranga chiqmaydi, lekin yo’qolmaydi: ularni keyingi darsda docker logs bilan o’qiysiz.

Tekshirish — docker ps da konteyner Up holatida bo’lishi kerak.

Nom berish: —name

Nom bermasangiz, Docker tasodifiy nom qo’yadi (eager_turing). Bunday nomni eslab qolish qiyin, ID’ni yozish undan ham noqulay. --name bilan o’zingiz nom berasiz va keyin hamma buyruqda shuni ishlatasiz:

docker run -d --name web nginx:1.30
docker stop web
docker start web

Nom bitta kompyuterda takrorlanmaydi. Xuddi shu nom bilan ikkinchi konteyner yaratmoqchi bo’lsangiz:

docker: Error response from daemon: Conflict. The container name "/web" is already in use by container "374aa277cf31bc84c115dd6c8b380e279ccc662dde2a4ad9eee82b2a59e87de9". You have to remove (or rename) that container to be able to reuse that name.

To’xtagan konteyner ham nomni band qilib turadi. Eskisini docker rm web bilan o’chiring yoki boshqa nom tanlang.

Mashq qilishdan oldin oldingi web konteynerini olib tashlang:

docker rm -f web

Port ochish: -p tashqi:ichki

Nginx konteyner ichida 80-portni tinglaydi. Uni kompyuterning 8080-portiga ulaymiz:

docker run -d --name web -p 8080:80 nginx:1.30
docker ps
CONTAINER ID   IMAGE        COMMAND                  CREATED        STATUS         PORTS                                     NAMES
089a39f7e399   nginx:1.30   "/docker-entrypoint.…"   1 second ago   Up 1 second    0.0.0.0:8080->80/tcp, [::]:8080->80/tcp   web

PORTS ustunida endi 0.0.0.0:8080->80/tcp: kompyuterning 8080-porti konteynerning 80-portiga ulangan. [::] qismi xuddi shu ulanishning IPv6 ko’rinishi.

Brauzerdan localhost:8080 ga yuborilgan so'rov kompyuter porti orqali Nginx konteynerining 80-portiga yetib borishi
-p 8080:80 kompyuterning 8080-portiga kelgan so’rovni konteynerning 80-portiga uzatadi.

Brauzerda http://localhost:8080 ni oching — Nginx’ning “Welcome to nginx!” sahifasi chiqadi. Terminaldan tekshirish:

curl -s http://localhost:8080
<!DOCTYPE html>
<html>
<head>
<title>Welcome to nginx!</title>
...

Javob sarlavhalarida Nginx versiyasi ham ko’rinadi:

curl -sI http://localhost:8080
HTTP/1.1 200 OK
Server: nginx/1.30.6
Content-Type: text/html
Content-Length: 896
...

Tartibni eslab qoling: chapda — kompyuter, o’ngda — konteyner. Bitta image’dan ikkinchi konteynerni boshqa tashqi port bilan ochish mumkin, ichki port esa o’sha 80 qoladi:

docker run -d --name web-2 -p 8081:80 nginx:1.30
curl -s http://localhost:8081 | grep title
<title>Welcome to nginx!</title>

Ikki konteyner ikkalasi ham ichida 80-portni tinglaydi va bir-biriga xalaqit bermaydi: har birining o’z tarmog’i bor.

Muhit o’zgaruvchisi: -e

Ilova sozlamalarini kodga yozmasdan, muhit o’zgaruvchisi orqali olishi Express deploy darsida ko’rilgan (PORT, NODE_ENV). Konteynerga ular -e NOM=qiymat bilan beriladi. Muhit o’zgaruvchisi nima ekani muhit o’zgaruvchilari va PATH darsida.

Ko’rish uchun kichik alpine image’ini ishlatamiz. Uni avval yuklab oling:

docker pull alpine:3.24

Konteynerga ikki o’zgaruvchi berib, ichida env buyrug’ini bajaramiz:

docker run --rm -e APP_MODE=production -e GREETING=Salom alpine:3.24 env
PATH=/usr/local/sbin:/usr/local/bin:/usr/sbin:/usr/bin:/sbin:/bin
HOSTNAME=b6d8ef3713e2
APP_MODE=production
GREETING=Salom
HOME=/root

Image nomidan keyin yozilgan env — konteyner ichida bajariladigan buyruq. U image’ning standart buyrug’i o’rniga ishlaydi. env hamma o’zgaruvchini chiqardi va tugadi — konteyner ham to’xtadi.

-e har o’zgaruvchi uchun alohida yoziladi. Qiymatda bo’sh joy bo’lsa, uni qo’shtirnoqqa oling: -e "GREETING=Salom dunyo".

Avtomatik o’chirish: —rm

Oldingi misolda --rm bor edi. U konteyner to’xtagan zahoti uni o’chirib yuboradi. Bir martalik buyruqlar uchun qulay: docker ps -a ro’yxati to’xtagan konteynerlar bilan to’lib ketmaydi.

docker run --rm alpine:3.24 echo "Salom, Docker"
Salom, Docker

Endi docker ps -a ni bering: bu konteyner ro’yxatda yo’q.

--rm ni uzoq yashaydigan serverga qo’ysangiz, to’xtatganingizda uning ichidagi hamma o’zgarish ham, loglari ham yo’qoladi. Nginx kabi servislar uchun odatda --rm siz, nom bilan ishlatiladi.

Interaktiv rejim: -it

Konteyner ichida terminal ochish uchun ikki parametr birga beriladi:

  • -i — kiritishni ochiq tutadi (klaviaturadan yozganingiz konteynerga boradi);
  • -t — terminal ajratadi (taklif belgisi, ranglar, tahrirlash).
docker run -it --rm alpine:3.24 sh
/ # cat /etc/os-release | head -3
NAME="Alpine Linux"
ID=alpine
VERSION_ID=3.24.4
/ # whoami
root
/ # ls
bin    dev    etc    home   lib    media  mnt    opt    proc   root   run    sbin   srv    sys    tmp    usr    var
/ # exit

/ # — konteyner ichidagi sh ning taklif belgisi. Bu yerda Linux buyruqlari ishlaydi, lekin siz kompyuteringizda emas, Alpine Linux ichidasiz. exit bilan chiqasiz — sh tugaydi, konteyner to’xtaydi va --rm uni o’chiradi.

Parametrlarni o’qish tartibi

Uzun buyruq qo’rqitmasligi uchun uni qismlarga ajrating:

docker run -d --name web -p 8080:80 -e APP_MODE=production nginx:1.30
QismMa’nosi
docker runYangi konteyner yarat va ishga tushir
-dFonda
--name webNomi web
-p 8080:80Kompyuterning 8080 → konteynerning 80
-e APP_MODE=productionIchkarida shu o’zgaruvchi bo’lsin
nginx:1.30Qaysi image’dan

Qoida: parametrlar image nomidan oldin yoziladi. Image nomidan keyin yozilgan hamma narsa konteyner ichidagi buyruq hisoblanadi. Masalan, docker run nginx:1.30 -d da -d Docker’ga emas, Nginx’ga uzatiladi va konteyner xato bilan tugaydi.

Ishingiz tugagach yaratgan konteynerlaringizni o’chiring:

docker rm -f web web-2 web-3

Amaliy mashq

  1. docker run -d --name web -p 8080:80 nginx:1.30 bilan Nginx’ni ishga tushiring va brauzerda http://localhost:8080 ni oching;
  2. Xuddi shu image’dan web-2 ni 8081 portida oching va ikkala sahifa ham ochilishini curl bilan tekshiring;
  3. Uchinchi konteynerni ataylab 8080 portida yaratishga urining. Xato xabarini o’qing, docker ps -a da qolgan Created konteynerni toping va o’chiring;
  4. alpine:3.24 konteyneriga -e bilan ikki o’zgaruvchi bering va env natijasida ularni toping;
  5. docker run -it --rm alpine:3.24 sh bilan ichkariga kiring, ls va whoami ni bering, exit bilan chiqing va docker ps -a da konteyner qolmaganini tekshiring;
  6. Hamma konteynerlaringizni nomi bilan o’chiring.

3-qadam eng ko’p vaqt oladigan tuzoqni ko’rsatadi: port xatosidan keyin qolgan konteyner nomni band qilib turadi.

Qisqacha xulosa

  • -d konteynerni fonda ishlatadi, terminal bo’sh qoladi.
  • --name konteynerga nom beradi; nom takrorlanmaydi, to’xtagan konteyner ham uni band qiladi.
  • -p 8080:80 — chapda kompyuter porti, o’ngda konteyner porti.
  • Bitta kompyuter portini faqat bitta konteyner egallay oladi; xato bergan konteyner Created holatida qolib ketadi.
  • -e NOM=qiymat konteynerga muhit o’zgaruvchisi beradi.
  • --rm to’xtagan konteynerni o’chiradi, -it ichkarida terminal ochadi.
  • Parametrlar image nomidan oldin yoziladi; keyingisi konteyner buyrug’i.

Keyingi darsda konteyner ichiga qarash — loglar, docker exec va ishlab turgan konteynerda xatoni topish.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi