.gitignore va maxfiy fayllar: .env, node_modules

Node.js loyihasida git status ni yozdingiz va ro’yxatda node_modules papkasi chiqdi — ichida minglab fayl. Yonida .env turibdi, unda JWT kaliti bor. Ikkalasi ham repozitoriyga tushmasligi kerak: birinchisi keraksiz og’irlik, ikkinchisi xavfsizlik teshigi. Git’ga “bu fayllarni ko’rma” deyish uchun .gitignore fayli ishlatiladi.

Nega sirlar repoga tushmasligi kerakligi Git, GitHub va jamoaviy workflow darsida tushuncha sifatida berilgan. Bu yerda — amalda.

.gitignore nima

Tipik Node loyihasi. .gitignore hali yo’q:

git status
On branch main

No commits yet

Untracked files:
  (use "git add <file>..." to include in what will be committed)
	.env
	app.js
	dist/
	logs/
	node_modules/
	npm-debug.log
	package.json

nothing added to commit but untracked files present (use "git add" to track)

Shu holatda git add . yozilsa, hammasi commitga ketadi — .env ham. Loyiha ildizida .gitignore faylini yarating:

# Paketlar — npm install bilan qayta o'rnatiladi
node_modules/

# Build natijasi
/dist

# Loglar
*.log

# Sirlar
.env

# bilan boshlangan qator — izoh. Qayta tekshiring:

git status
On branch main

No commits yet

Untracked files:
  (use "git add <file>..." to include in what will be committed)
	.gitignore
	app.js
	package.json

nothing added to commit but untracked files present (use "git add" to track)

Ro’yxatda faqat kerakli uch fayl qoldi. Endi git add . xavfsiz.

Shablonlar

ShablonNimani e’tiborsiz qoldiradi
.envHar qanday papkadagi .env nomli fayl
*.log.log bilan tugaydigan barcha fayl: npm-debug.log, logs/app.log
node_modules/Shu nomli papka va ichidagi hamma narsa
/distFaqat ildizdagi dist — src/dist ga tegmaydi
.env.*.env.local, .env.production va shunga o’xshashlar
!.env.exampleIstisno: yuqoridagi qoidaga tushsa ham kuzatiladi

Uch qoidani eslab qoling:

  • * — istalgan belgilar ketma-ketligi;
  • oxiridagi / — “faqat papka”;
  • boshidagi / — “faqat ildizda”.

Istisno ! faqat o’zidan yuqorida e’tiborsiz qilingan faylni qaytaradi. Shuning uchun tartib muhim:

.env
.env.*
!.env.example
git status -s
?? .env.example
?? .gitignore
?? app.js
?? package.json

.env.local ko’rinmaydi, .env.example esa ro’yxatda.

.env va sirlar

Express darslarida maxfiy qiymatlar .env fayliga chiqarilgan — JWT kaliti, sessiya kaliti, tashqi xizmat kalitlari. Xavfsizlik darsida shu fayl node --env-file=.env bilan ulanadi.

.env repoga tushsa, kalitni repozitoriyni ko’ra oladigan har kim oladi. Ochiq repozitoriyda esa uni avtomatik skanerlar ham qidiradi.

Hamkasblar loyihani ishga tushira olishi uchun o’rniga .env.example commit qilinadi — kalit nomlari bor, qiymatlar bo’sh:

PORT=3000
JWT_SECRET=
SESSION_SECRET=

Yangi odam uni .env ga nusxalab, o’z qiymatlarini yozadi. process.env qanday ishlashi process va argumentlar darsida ko’rilgan.

Allaqachon kuzatilayotgan fayl: git rm —cached

Eng ko’p uchraydigan holat: .env birinchi commitga app.js va package.json bilan birga tushib qolgan, .gitignore esa keyin yozilgan. Lekin Git uni kuzatishda davom etadi:

git status -s
 M .env
?? .gitignore

.env hamon M (o’zgargan) bo’lib chiqyapti. .gitignore faqat hali kuzatilmagan fayllarga ta’sir qiladi. Repozitoriyda turgan fayl uchun uni kuzatuvdan qo’lda chiqarish kerak:

git rm --cached .env
rm '.env'

--cached — “faylni faqat repozitoriydan olib tashla, diskda qoldir”. Holat:

git status
On branch main
Changes to be committed:
  (use "git restore --staged <file>..." to unstage)
	deleted:    .env

Untracked files:
  (use "git add <file>..." to include in what will be committed)
	.gitignore

deleted so’zidan qo’rqmang: bu repozitoriy uchun o’chirish. Fayl papkangizda turibdi. Endi .gitignore bilan birga commit qiling:

git add .gitignore
git commit -m ".env kuzatuvdan chiqarildi"
[main e007ed6] .env kuzatuvdan chiqarildi
 2 files changed, 13 insertions(+), 2 deletions(-)
 delete mode 100644 .env
 create mode 100644 .gitignore

Tekshirish: ls -a da .env bor, git ls-files da esa yo’q.

git ls-files
.gitignore
app.js
package.json

Tayyor shablonlar

Har til va freymvork uchun .gitignore noldan yozilmaydi. GitHub’ning github/gitignore repozitoriysida tayyor shablonlar bor — Node uchun Node.gitignore. GitHub’da yangi repozitoriy yaratganda ham shablon tanlash mumkin.

Tayyor shablonni oling va loyihangizga xos qatorlarni qo’shing: .env, baza fayli (*.db), yuklangan fayllar papkasi (uploads/). Muharrir sozlamalari (.vscode/) va tizim fayllari (.DS_Store, Thumbs.db) ham ko’pincha shu ro’yxatga kiradi.

Amaliy mashq

Kichik Node loyihasi oling (yoki yangi papkada package.json, app.js, .env va npm-debug.log yarating):

  1. .gitignore siz git status ni yozing va qaysi fayllar repoga tushmasligi kerakligini belgilang;
  2. node_modules/, /dist, *.log, .env qoidalari bilan .gitignore yozing va status qisqarganini tekshiring;
  3. .env.example yarating: .env.* va !.env.example qoidalarini qo’shib, faqat namuna fayli ko’rinishini tasdiqlang;
  4. git check-ignore -v bilan .env ni qaysi qator yashirayotganini toping;
  5. Alohida test repoda .env ni ataylab commit qiling, keyin git rm --cached bilan kuzatuvdan chiqaring — fayl diskda qolganini ls -a bilan tekshiring;
  6. 5-banddan keyin git log --oneline -- .env bilan .env hali tarixda ekanini ko’ring.

6-band eng muhimi: kuzatuvdan chiqarish tarixni tozalamaydi, shuning uchun push qilingan sir faqat almashtirish bilan zararsizlanadi.

Qisqacha xulosa

  • .gitignore loyiha ildizida turadi, commit qilinadi va hali kuzatilmagan fayllarga ta’sir qiladi.
  • *.log — kengaytma bo’yicha, node_modules/ — papka, /dist — faqat ildizda, ! — istisno.
  • git check-ignore -v fayl qaysi qoida ishlayotganini ko’rsatadi.
  • .env repoga tushmaydi; o’rniga bo’sh qiymatli .env.example commit qilinadi.
  • Kuzatilayotgan faylni chiqarish: git rm --cached fayl — diskdagi fayl qoladi.
  • Push qilingan kalit almashtiriladi — faylni o’chirish uni tarixdan olib tashlamaydi.

Keyingi darsda branch — asosiy kodga tegmasdan parallel ishlash.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi