Git branch: switch, switch -c va parallel ish

Portfolio saytingiz ishlab turibdi. Endi blog sahifasini qo’shmoqchisiz, lekin bu ikki-uch kun oladi. Shu orada bosh sahifadagi xatoni zudlik bilan tuzatish kerak bo’lib qolsa-chi? Chala blog sahifasi ham main da turgan bo’ladi. Branch yangi ishni asosiy koddan ajratib, uni tayyor bo’lgandagina qo’shishga imkon beradi.

main branch'idagi commit chizig'idan feature branch ajralib chiqib, o'z commitlari bilan davom etishi va keyin main'ga qayta qo'shilishi
feature/blog branch’i main’dan ajralib, o’z commitlari bilan davom etadi va keyin main’ga qo’shiladi.

Branch nima

Mavjud branch’larni ko’ring:

git branch
* main

Hozircha bitta — main. Yulduzcha * siz turgan branch’ni bildiradi.

Yangi branch: git branch va git switch

Branch yaratish:

git branch feature/blog
git branch
  feature/blog
* main

Branch yaratildi, lekin siz hamon main dasiz. Unga o’tish:

git switch feature/blog
Switched to branch 'feature/blog'

Amalda bu ikki qadam deyarli doim birga bajariladi. -c (create) yaratadi va darhol o’tadi:

git switch -c feature/forma
Switched to a new branch 'feature/forma'
git branch
  feature/blog
* feature/forma
  main

main ga qaytish:

git switch main
Switched to branch 'main'

HEAD qanday ko’chadi

Tarixni o’qish darsida HEAD ni “siz hozir turgan joy” deb tanidingiz. Aniqroq aytganda, HEAD odatda commitni emas, branch’ni ko’rsatadi:

git log --oneline --decorate -1
a76d7dc (HEAD -> main, feature/forma, feature/blog) Revert "Telefon raqami qo'shildi"

HEAD -> main — siz main dasiz. feature/forma va feature/blog ham shu commitni ko’rsatyapti: ular yaratilgandan beri ularda yangi commit yo’q.

Endi feature/blog ga o’tib, ikki commit qiling:

git switch feature/blog
echo "<h1>Blog</h1>" > blog.html
git add blog.html
git commit -m "Blog sahifasi qo'shildi"
Switched to branch 'feature/blog'
[feature/blog ddab05c] Blog sahifasi qo'shildi
 1 file changed, 1 insertion(+)
 create mode 100644 blog.html

Ikkinchi commit uchun index.html dagi “Men haqimda” havolasidan keyin <a href="blog.html">Blog</a> qatorini qo’shing va xuddi shunday commit qiling ("Menyuga blog havolasi qo'shildi"). Barcha branch’lar tarixidan oxirgi to’rt commit:

git log --oneline --graph --all -n 4
* 3ec215f (HEAD -> feature/blog) Menyuga blog havolasi qo'shildi
* ddab05c Blog sahifasi qo'shildi
* a76d7dc (main, feature/forma) Revert "Telefon raqami qo'shildi"
* 645f08e Sarlavha kattalashtirildi

feature/blog ikki commit oldinga ketdi, main esa joyida qoldi. --all siz git log faqat joriy branch tarixini ko’rsatadi.

main ga qaytib farqni ko’rish

git switch main
ls
Switched to branch 'main'
about.html  contact.html  index.html  style.css

blog.html papkadan yo’qoldi — u faqat feature branch’da bor. Branch almashtirganda Git ishchi papkadagi fayllarni o’sha branch holatiga keltiradi. Qaytib o’tsangiz, fayl yana paydo bo’ladi.

main da yo’q, branch’da bor commitlar:

git log --oneline main..feature/blog
3ec215f (feature/blog) Menyuga blog havolasi qo'shildi
ddab05c Blog sahifasi qo'shildi

Fayllar bo’yicha farq:

git diff --stat main feature/blog
 blog.html  | 1 +
 index.html | 1 +
 2 files changed, 2 insertions(+)

Nega main da to’g’ridan ishlamaslik kerak

main — hamisha ishlaydigan, saytga chiqishga tayyor kod. Har yangi ish alohida branch’da boshlanadi:

  • chala ish main ni buzmaydi — shoshilinch tuzatishni main dan yangi branch ochib qilish mumkin;
  • tajriba muvaffaqiyatsiz chiqsa, branch’ni o’chirib yuborasiz va main toza qoladi;
  • jamoada har kim o’z branch’ida ishlaydi, keyin pull request orqali qo’shadi.

Nomlash. Branch nomi nima qilinayotganini aytadi. Odatiy prefikslar:

PrefiksQachonMisol
feature/Yangi imkoniyatfeature/blog, feature/forma
fix/Xatoni tuzatishfix/menu, fix/mobil-sarlavha
docs/Hujjat, READMEdocs/readme

Nomda bo’sh joy va apostrof ishlatilmaydi: so’zlar - bilan ajratiladi, kichik harfda yoziladi.

Commit qilinmagan o’zgarish bilan almashtirish

main da index.html ni tahrirladingiz, commit qilmadingiz va branch almashtirmoqchisiz:

git switch feature/blog
error: Your local changes to the following files would be overwritten by checkout:
	index.html
Please commit your changes or stash them before you switch branches.
Aborting

Git almashtirishni rad etdi: index.html ikki branch’da farq qiladi va almashtirish sizning tahriringizni ustidan yozib yuborardi. Ikki yo’l bor — o’zgarishni commit qilish yoki vaqtincha chetga olib qo’yish:

git stash
git switch feature/blog
Saved working directory and index state WIP on main: a76d7dc Revert "Telefon raqami qo'shildi"
Switched to branch 'feature/blog'

main ga qaytgach, saqlanganini joyiga qo’ying:

git switch main
git stash pop

stash pop tahrirni qaytaradi va zaxira ro’yxatidan o’chiradi.

Branch’ni o’chirish

Ishi tugagan, main ga qo’shilgan branch o’chiriladi:

git branch -d feature/forma
Deleted branch feature/forma (was a76d7dc).

main ga hali qo’shilmagan branch’ni -d o’chirmaydi:

git branch -d feature/blog
error: the branch 'feature/blog' is not fully merged
hint: If you are sure you want to delete it, run 'git branch -D feature/blog'
hint: Disable this message with "git config set advice.forceDeleteBranch false"

Bu himoya: branch’dagi commitlar boshqa hech qayerda yo’q. Katta -D ularni majburan tashlab yuboradi — faqat ish rostdan keraksiz bo’lsagina ishlating. Turgan branch’ingizni o’chira olmaysiz: avval boshqasiga o’ting.

Amaliy mashq

portfolio loyihasida, main da kamida bitta commit bo’lsin:

  1. git switch -c feature/blog bilan branch oching va git branch da yulduzcha qayerda ekanini tekshiring;
  2. blog.html yarating va commit qiling, keyin index.html ga havola qo’shib ikkinchi commit qiling;
  3. git log --oneline --graph --all da HEAD, main va feature branch qayerda turganini yozib oling;
  4. main ga qayting — blog.html yo’qolganini va qaytib o’tganda paydo bo’lishini tekshiring;
  5. git log --oneline main..feature/blog bilan main da yo’q commitlarni ko’ring;
  6. main da faylni o’zgartirib, branch almashtirishga urining — xatoni o’qing va git stash bilan hal qiling.

4-band eng muhimi: branch almashtirish ishchi papkadagi fayllarni o’zgartiradi, shuning uchun almashtirishdan oldin ish saqlangan bo’lishi kerak.

Qisqacha xulosa

  • Branch — commitga qo’yilgan nomli ko’rsatkich, fayllar nusxasi emas.
  • git switch -c nom branch yaratadi va unga o’tadi, git switch nom mavjudiga o’tadi.
  • HEAD joriy branch’ni ko’rsatadi; yangi commit shu branch’ni oldinga suradi.
  • Yangi ish feature/..., tuzatish fix/... branch’ida boshlanadi — main doim ishlaydigan holatda qoladi.
  • Branch almashtirishdan oldin git status toza bo’lsin: aks holda Git rad etadi yoki tahrir boshqa branch’ga o’tib ketadi.
  • git branch -d faqat qo’shilgan branch’ni o’chiradi; -D majburan o’chiradi.

Keyingi darsda merge va konflikt — branch’dagi ishni main ga qo’shish va to’qnashuvni hal qilish.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi