Git'da o'zgarishni bekor qilish: restore, amend, revert

Faylni tahrirlab, sahifani butunlay buzib qo’ydingiz. Yoki commit xabarida xato ketdi. Yoki kecha qilingan commit saytni ishdan chiqardi. Git’ni o’rganayotganda eng katta qo’rquv — “buzib qo’yaman”. Bu darsda har holat uchun to’g’ri buyruqni va qaysi buyruq ma’lumotni qaytarib bo’lmas o’chirishini ko’rasiz.

Misollar portfolio loyihasida davom etadi: tarixda oldingi darslardagi sakkizta commit bor, oxirgisi — 05ea18e Aloqa sahifasi qo'shildi. Uch hudud — ishchi papka, staging va repozitoriy — birinchi repozitoriy darsida tushuntirilgan, bu dars to’liq shunga tayanadi.

Fayldagi o’zgarishni qaytarish

index.html ni tahrirladingiz va natija yoqmadi. Fayl hali git add qilinmagan. Holatni ko’ring:

git status
On branch main
Changes not staged for commit:
  (use "git add <file>..." to update what will be committed)
  (use "git restore <file>..." to discard changes in working directory)
	modified:   index.html

no changes added to commit (use "git add" and/or "git commit -a")

Git yechimni o’zi aytib turibdi: git restore <file>. Avval nima yo’qolishini git diff bilan tekshiring, keyin qaytaring:

git restore index.html
git status
On branch main
nothing to commit, working tree clean

Fayl oxirgi commitdagi holatiga qaytdi.

Bir nechta fayl bo’lsa, git restore . joriy papkadagi barcha o’zgargan fayllarni qaytaradi. Yangi yaratilgan (untracked) fayllarga restore tegmaydi — ular hali Git’ga tanish emas.

Staging’dan chiqarish

Faylni git add qildingiz, lekin uni bu commitga qo’shmoqchi emassiz:

git add style.css
git status
On branch main
Changes to be committed:
  (use "git restore --staged <file>..." to unstage)
	modified:   style.css

Staging’dan chiqaring:

git restore --staged style.css
git status
On branch main
Changes not staged for commit:
  (use "git add <file>..." to update what will be committed)
  (use "git restore <file>..." to discard changes in working directory)
	modified:   style.css

no changes added to commit (use "git add" and/or "git commit -a")

Fayl Changes to be committed dan Changes not staged ga o’tdi. O’zgarishning o’zi joyida qoldi — --staged faqat staging’ni tozalaydi, faylga tegmaydi. Shuning uchun bu buyruq xavfsiz.

Oxirgi commitni tuzatish: —amend

index.html ga <footer>2026</footer> qatorini qo’shdingiz va commit qildingiz, lekin xabarda xato ketdi:

git add index.html
git commit -m "Footr qo'shildi"
[main 4538d45] Footr qo'shildi
 1 file changed, 1 insertion(+)

Oxirgi commit xabarini almashtirish:

git commit --amend -m "Footer qo'shildi"
git log --oneline -n 3
[main 06c5529] Footer qo'shildi
 Date: Fri Sep 25 10:00:00 2026 +0500
 1 file changed, 1 insertion(+)
06c5529 (HEAD -> main) Footer qo'shildi
05ea18e Aloqa sahifasi qo'shildi
2195032 Salomlashish matni o'zgartirildi

Tarixda eski xabar qolmadi. Lekin hash ham o’zgardi: 4538d45 o’rniga 06c5529. --amend commitni tahrirlamaydi — uni yangisi bilan almashtiradi.

Commit’ga bitta faylni qo’shish esdan chiqqan bo’lsa ham --amend yordam beradi. Masalan, yuqorida staging’dan chiqarilgan style.css tahriri — footer uchun stil — shu commitga tegishli edi. --no-edit xabarni o’zgartirmaydi:

git add style.css
git commit --amend --no-edit
[main 9aaac66] Footer qo'shildi
 Date: Fri Sep 25 10:00:00 2026 +0500
 2 files changed, 5 insertions(+)

Endi bitta commit ichida ikkala fayl bor: 2 files changed.

Commit’ni bekor qilish: git revert

contact.html ga telefon raqami qo’shilgan “Telefon raqami qo’shildi” commiti keraksiz bo’lib chiqdi, undan keyin esa style.css da yana bitta commit qilingan. Tarixni ko’ring (tarixni o’qish darsidagi kabi):

git log --oneline -n 4
645f08e (HEAD -> main) Sarlavha kattalashtirildi
05437b2 Telefon raqami qo'shildi
9aaac66 Footer qo'shildi
05ea18e Aloqa sahifasi qo'shildi

git revert ko’rsatilgan commitning teskarisini yangi commit sifatida yozadi. Hash o’rniga o’zingizdagisini qo’ying:

git revert --no-edit 05437b2
[main a76d7dc] Revert "Telefon raqami qo'shildi"
 Date: Fri Sep 25 11:20:00 2026 +0500
 1 file changed, 1 deletion(-)
git log --oneline -n 5
a76d7dc (HEAD -> main) Revert "Telefon raqami qo'shildi"
645f08e Sarlavha kattalashtirildi
05437b2 Telefon raqami qo'shildi
9aaac66 Footer qo'shildi
05ea18e Aloqa sahifasi qo'shildi

Telefon qatori fayldan olib tashlandi, lekin tarixdan hech narsa o’chmadi. Eski commit joyida turibdi, ustiga “uni bekor qildim” degan yangi commit qo’shildi. Undan keyingi “Sarlavha kattalashtirildi” o’zgarishi ham saqlanib qoldi.

Shuning uchun revert push qilingan commit uchun ham xavfsiz: boshqalarning tarixi buzilmaydi, ular faqat yangi commitni oladi.

reset —hard va nega xavfli

Internetda “commitni o’chirish” deb qidirsangiz, git reset --hard buyrug’iga duch kelasiz. U ikki ishni birdaniga qiladi:

  • main branch’ini ko’rsatilgan eski commitga orqaga suradi — undan keyingi commitlar tarixdan ko’rinmay qoladi;
  • ishchi papka va staging’dagi barcha commit qilinmagan o’zgarishni so’roqsiz o’chiradi.

Ikkinchi qism eng xavfli: o’sha paytda saqlanmagan ishingiz bo’lsa, u qaytarib bo’lmas yo’qoladi. Git hech qanday ogohlantirish bermaydi. Push qilingan commitlarni shu yo’l bilan “o’chirsangiz”, keyin ularni GitHub’dan ham olib tashlash uchun git push --force kerak bo’ladi — bu esa boshqalarning ishini ustidan yozib yuboradi.

Shu sababli bu bo’limda reset --hard faqat nomi bilan tilga olinadi. Boshlang’ich darajada barcha vazifani xavfsiz buyruqlar hal qiladi: fayl uchun restore, oxirgi lokal commit uchun --amend, qolgan hamma holat uchun revert.

Qaysi holatda qaysi buyruq

VaziyatBuyruqMa’lumot yo’qoladimi
Faylni buzdim, hali add qilmadimgit restore faylHa — commit qilinmagan tahrir
Faylni add qildim, commitga kerak emasgit restore --staged faylYo’q
Oxirgi commit xabarida xatogit commit --amend -m "..."Yo’q, lekin hash o’zgaradi
Oxirgi commitga fayl qo’shilmay qoldigit add + git commit --amend --no-editYo’q
Eski yoki push qilingan commit keraksizgit revert hashYo’q — yangi commit qo’shiladi
“Hammasini orqaga qaytarmoqchiman”reset --hard — ishlatmangHa — so’roqsiz

Amaliy mashq

portfolio loyihasida kamida ikki commit bo’lsin. Har bandni bajargach git status va git log --oneline bilan natijani tekshiring.

  1. index.html ga ortiqcha matn yozing, git diff da ko’ring va git restore bilan qaytaring;
  2. style.css ni o’zgartirib git add qiling, keyin git restore --staged bilan staging’dan chiqaring — o’zgarish faylda qolganini tasdiqlang;
  3. Ataylab xatoli xabar bilan commit qiling va uni --amend bilan tuzating — hash o’zgarganini solishtiring;
  4. Yangi fayl yarating, bitta faylni commit qiling, ikkinchisini --amend --no-edit bilan o’sha commitga qo’shing;
  5. Bitta qator qo’shib commit qiling, ustidan yana bir commit qiling, keyin birinchisini git revert bilan bekor qiling;
  6. 5-banddan keyin git log --oneline da nechta commit borligini sanang va nima uchun hech biri o’chmaganini bir jumla bilan yozing.

5-band eng muhimi: revert tarixni o’chirmasdan xatoni bekor qiladi va jamoaviy ishda aynan shu usul ishlatiladi.

Qisqacha xulosa

  • git restore fayl commit qilinmagan tahrirni o’chiradi va uni qaytarib bo’lmaydi.
  • git restore --staged fayl faqat staging’dan chiqaradi, faylning o’zi o’zgarmaydi.
  • git commit --amend oxirgi commitni yangisi bilan almashtiradi — faqat push qilinmagan commit uchun.
  • git revert hash commitning teskarisini yangi commit qilib yozadi, tarix saqlanadi.
  • git reset --hard saqlanmagan ishni so’roqsiz o’chiradi — bu darajada ishlatilmaydi.
  • Ishonchingiz komil bo’lmasa, avval git status va git diff bilan nima yo’qolishini ko’ring.

Keyingi darsda .gitignore va maxfiy fayllar — keraksiz va xavfli fayllarni repozitoriyga umuman kiritmaslik.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi