Linux'da faylni o'qish va tahrirlash: cat, less, tail, nano

Serverdagi sayt ochilmayapti. Sabab log faylda yozilgan, lekin u ming qatorli va hali ham to’lib boryapti. Sozlamani tuzatish uchun esa konfig faylni tahrirlash kerak — grafik muharrirsiz. Bu darsda faylni terminalda o’qish, kerakli qismini ko’rish, jonli kuzatish va tahrirlashni o’rganamiz.

Qisqa fayl: cat

cat fayl mazmunini to’liq ekranga chiqaradi:

cat /etc/hostname
laptop

Natija — kompyuter nomi. Sizda boshqa nom bo’ladi.

Bir necha qatorli fayl ham to’liq chiqadi:

cat /etc/os-release
PRETTY_NAME="Ubuntu 24.04.5 LTS"
NAME="Ubuntu"
VERSION_ID="24.04"
VERSION="24.04.5 LTS (Noble Numbat)"
VERSION_CODENAME=noble
ID=ubuntu
ID_LIKE=debian
...

-n bayrog’i qatorlarni raqamlaydi — xato xabari “12-qatorda” desa, qulay:

cat -n /etc/hostname
     1	laptop

cat qisqa fayllar uchun. Ming qatorli faylda u hammasini bir zumda chiqarib yuboradi va siz faqat oxirgi ekranni ko’rasiz.

Uzun fayl: less

less faylni sahifalab ko’rsatadi va ekranni egallamaydi:

less /var/log/dpkg.log

Fayl ochiladi, siz uning ichida harakatlanasiz:

TugmaNima qiladi
SpaceKeyingi sahifa
bOldingi sahifa
↑ / ↓Bitta qator
g / GBoshiga / oxiriga
/so'z va EnterSo’zni qidirish
n / NKeyingi / oldingi topilma
qChiqish

Qidiruv logda eng ko’p kerak bo’ladi: /error yozib Enter bosing, less birinchi topilmaga sakraydi, n keyingisiga o’tkazadi.

q bosilganda less yopiladi va ekran oldingi holatiga qaytadi — fayl mazmuni terminalda qolmaydi.

Boshi va oxiri: head va tail

Ko’pincha butun fayl emas, faqat boshi yoki oxiri kerak. Mashq uchun 1 dan 100 gacha sonlar yozilgan fayl yarating:

seq 1 100 > numbers.txt

seq sonlar ketma-ketligini chiqaradi, > esa chiqishni faylga yozadi. > belgisini yo’naltirish darsida batafsil ko’ramiz.

head boshidagi qatorlarni chiqaradi, standart holda 10 tasini. -n soni o’zgartiradi:

head -n 3 numbers.txt
1
2
3

tail — oxiridagilarni:

tail -n 3 numbers.txt
98
99
100

Logda eng yangi yozuvlar oxirida turadi. Shuning uchun serverda eng ko’p yoziladigan buyruqlardan biri — tail -n 50 va log fayl nomi.

Jonli log: tail -f

tail -f (follow) faylning oxirini ko’rsatadi va yopilmaydi: faylga yangi qator qo’shilsa, u darhol ekranda paydo bo’ladi.

Buni ikki terminal bilan sinab ko’ring. Avval log fayl yarating:

echo "Server ishga tushdi" > app.log

Birinchi terminalda kuzatishni boshlang:

tail -f app.log
Server ishga tushdi

Kursor keyingi qatorda kutib turadi.

Ikkinchi terminalni oching (WSL’da yangi Ubuntu oynasi yoki terminaldagi yangi tab) va faylga qator qo’shing:

echo "GET /api/tasks 200" >> app.log
echo "GET /api/users 404" >> app.log

>> mavjud faylning oxiriga qo’shadi, > esa faylni qaytadan yozadi.

Birinchi terminalga qarang:

Server ishga tushdi
GET /api/tasks 200
GET /api/users 404

Yangi qatorlar o’zi paydo bo’ldi. Kuzatishni to’xtatish uchun Ctrl+C bosing.

Serverda bu usul bilan saytni brauzerda ochib, so’rov logga qanday tushayotganini bir vaqtda ko’rasiz. Express deploy darsidagi pm2 logs ham xuddi shu tamoyilda ishlaydi.

nano — terminal muharriri

Faylni tahrirlash uchun terminal ichidagi muharrir kerak. Ubuntu’da nano o’rnatilgan va boshlovchilar uchun eng qulayi: barcha asosiy tugmalar ekranning pastida yozilgan.

Faylni oching (mavjud bo’lmasa, saqlanganda yaratiladi):

nano app.conf

Ekranning pastida shunday menyu turadi:

^G Help      ^O Write Out ^W Where Is  ^K Cut       ^T Execute   ^C Location
^X Exit      ^R Read File ^\ Replace   ^U Paste     ^J Justify   ^/ Go To Line

^ belgisi Ctrl tugmasini bildiradi: ^O — Ctrl+O.

Ikki qator yozing:

PORT=3000
NODE_ENV=production

Saqlash — Ctrl+O. Pastda fayl nomi so’raladi:

File Name to Write: app.conf

Enter bosing — nomni tasdiqlaysiz. Pastda natija chiqadi:

[ Wrote 2 lines ]

Chiqish — Ctrl+X. Saqlanmagan o’zgarish bo’lsa, nano so’raydi:

Save modified buffer?
 Y Yes
 N No           ^C Cancel

Y — saqlab chiqish (keyin nom uchun Enter), N — saqlamasdan chiqish, Ctrl+C — muharrirga qaytish.

Natijani tekshiring:

cat app.conf
PORT=3000
NODE_ENV=production
TugmaAmal
Ctrl+O, EnterSaqlash
Ctrl+XChiqish
Ctrl+WQidirish
Ctrl+KQatorni kesish
Ctrl+UKesilgan qatorni qo’yish

Amaliy mashq

  1. cat -n /etc/os-release bilan faylni raqamlab o’qing — VERSION_ID nechanchi qatorda?
  2. less /var/log/dpkg.log ni oching, /install bilan qidiring, n bilan keyingi topilmaga o’ting va q bilan chiqing.
  3. seq 1 100 > numbers.txt dan keyin faqat 50 va 51 sonlarini chiqaring. Ishora: head -n 51 numbers.txt > part.txt bilan birinchi 51 qatorni alohida faylga yozing, keyin uning oxiridan tail bilan kerakli qatorlarni oling.
  4. nano server.conf bilan uch qatorli konfig yozing (PORT, HOST, LOG_LEVEL), saqlang va cat bilan tekshiring.
  5. Birinchi terminalda tail -f server.conf ni ishga tushiring. Ikkinchi terminalda echo "DEBUG=true" >> server.conf bajaring va qator birinchi oynada paydo bo’lganini kuzating; Ctrl+C bilan to’xtating.
  6. nano da faylga bitta qator qo’shib, Ctrl+X bosing va N bilan saqlamasdan chiqing — cat bilan fayl o’zgarmaganini tasdiqlang.

5-qadam serverdagi eng foydali ko’nikma: logni jonli kuzatib turib, muammoni yuz bergan zahoti ko’rish.

Qisqacha xulosa

  • cat qisqa faylni to’liq chiqaradi, -n qatorlarni raqamlaydi.
  • less uzun faylni sahifalaydi: / qidiradi, n keyingisiga o’tadi, q chiqadi.
  • head -n boshidagi, tail -n oxiridagi qatorlarni ko’rsatadi; ikkalasi standart holda 10 qator.
  • tail -f faylga qo’shilayotgan qatorlarni jonli ko’rsatadi, Ctrl+C to’xtatadi.
  • nano da Ctrl+O saqlaydi, Ctrl+X chiqadi; pastki menyudagi ^ — Ctrl tugmasi.
  • vim’dan saqlamasdan chiqish: Esc, keyin :q! va Enter.

Keyingi darsda foydalanuvchi, ruxsat va sudo — nega ba’zan Permission denied chiqadi va uni qanday tuzatish.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi