React useMemo va useCallback: qachon kerak, qachon emas

O’z hook’ingizni yozish darsida mantiqni komponentdan ajratdik. Endi tezlik haqida gaplashamiz. Ro’yxatda 20 000 ta mahsulot bor, siz esa faqat mavzu tugmasini bosdingiz — lekin komponent butun ro’yxatni qaytadan filtrlab, saralab chiqadi. useMemo, useCallback va memo shunday keraksiz ishni o’tkazib yuborishga yordam beradi. Bu darsda ularni qachon ishlatish va, undan ham muhimi, qachon ishlatmaslik kerakligini ko’rasiz.

Har chizishda nima qayta ishlaydi

useState darsidan eslang: holat o’zgarsa, React komponent funksiyasini boshidan oxirigacha qayta chaqiradi. Funksiya ichidagi har const qaytadan hisoblanadi, har ichki funksiya va obyekt yangidan yaratiladi.

Ko’pincha bu muammo emas: bir necha qator hisob-kitob millisekunddan ancha tez tugaydi. Muammo hisob-kitob og’ir bo’lganda boshlanadi.

Mahsulotlar ro’yxatini yasaymiz:

// src/products.js
export function createProducts(count) {
  const products = [];

  for (let i = 1; i <= count; i++) {
    products.push({ id: i, name: `Mahsulot ${i}`, price: (i * 37) % 1000 });
  }

  return products;
}

export function filterProducts(products, query) {
  const text = query.trim().toLowerCase();

  return products
    .filter((product) => product.name.toLowerCase().includes(text))
    .sort((a, b) => a.price - b.price);
}

filterProducts har chaqiruvda 20 000 ta elementni ko’rib chiqadi va natijani narx bo’yicha saralaydi. Endi uni komponentda ishlatamiz:

// src/App.jsx
import { useState } from 'react';
import { createProducts, filterProducts } from './products.js';

const allProducts = createProducts(20000);

function App() {
  const [query, setQuery] = useState("");
  const [isDark, setIsDark] = useState(false);

  // Vaqtinchalik: hisob-kitob qancha vaqt olishini o'lchaymiz
  console.time("filter");
  const visibleProducts = filterProducts(allProducts, query);
  console.timeEnd("filter");

  return (
    <main className={isDark ? "dark" : "light"}>
      <input
        value={query}
        onChange={(e) => setQuery(e.target.value)}
        placeholder="Qidirish..."
      />
      <button type="button" onClick={() => setIsDark(!isDark)}>
        Mavzuni almashtirish
      </button>
      <p>Topildi: {visibleProducts.length} ta</p>
      <ul>
        {visibleProducts.slice(0, 50).map((product) => (
          <li key={product.id}>
            {product.name} — {product.price} so'm
          </li>
        ))}
      </ul>
    </main>
  );
}

export default App;

allProducts komponentdan tashqarida yaratilgan — u fayl yuklanganda bir marta hisoblanadi. Ekranda Topildi: 20000 ta va eng arzon 50 ta mahsulot chiqadi.

Brauzer konsolini oching va “Mavzuni almashtirish” tugmasini bir necha marta bosing:

filter: 5.4 ms
filter: 5.1 ms
filter: 5.6 ms

Raqamlar kompyuteringizga qarab boshqacha bo’ladi. Muhimi boshqa narsa: mavzu qidiruvga hech qanday aloqasi yo’q, lekin har bosishda ro’yxat qaytadan filtrlanadi. Natija esa har safar o’sha-o’sha.

useMemo — natijani eslab qolish

useMemo hisob-kitob natijasini saqlab qo’yadi va bog’liqliklar o’zgarmaguncha uni qayta ishlatadi:

// src/App.jsx
import { useState, useMemo } from 'react';
import { createProducts, filterProducts } from './products.js';

const allProducts = createProducts(20000);

function App() {
  const [query, setQuery] = useState("");
  const [isDark, setIsDark] = useState(false);

  const visibleProducts = useMemo(() => {
    // Vaqtinchalik: hisob-kitob qachon ishlashini kuzatamiz
    console.time("filter");
    const result = filterProducts(allProducts, query);
    console.timeEnd("filter");
    return result;
  }, [query]);

  // return qismi avvalgidek
}

useMemo ikki narsa oladi:

ArgumentNima
() => { ... }Hisoblovchi funksiya — qiymatni qaytaradi
[query]Bog’liqliklar massivi — qachon qayta hisoblash kerakligi

Birinchi chizishda React funksiyani chaqiradi va natijani saqlaydi. Keyingi chizishlarda query ni oldingi qiymati bilan solishtiradi: o’zgarmagan bo’lsa — saqlangan natijani qaytaradi, funksiyani chaqirmaydi.

Endi tugmani bir necha marta bosing. Konsolda yangi filter: qatori chiqmaydi — mavzu o’zgaradi, ro’yxat esa saqlangan natijadan olinadi. Qidiruv maydoniga 12 yozing — har harfda bittadan yangi qator chiqadi, chunki query o’zgardi.

Bog’liqliklar useEffect darsidagi qoida bilan yoziladi: hisoblovchi funksiya ichida ishlatilgan har holat va props massivda bo’ladi. [query] ni [] ga almashtirsangiz, npm run lint ogohlantiradi:

React Hook useMemo has a missing dependency: 'query'. Either include it
or remove the dependency array

Ilova esa jimgina buziladi: qidiruvga nima yozmang, ro’yxat birinchi natijada qotib qoladi.

memo — komponentni qayta chizmaslik

Endi ro’yxatni alohida komponentga chiqaramiz va 200 ta mahsulot ko’rsatamiz:

// src/components/ProductList.jsx
function ProductList({ products }) {
  // Vaqtinchalik: komponent qachon chizilishini kuzatamiz
  console.log("ProductList chizildi");

  return (
    <ul>
      {products.slice(0, 200).map((product) => (
        <li key={product.id}>
          {product.name} — {product.price} so'm
        </li>
      ))}
    </ul>
  );
}

export default ProductList;

App da <ul>...</ul> qismi bitta qatorga almashadi (fayl boshiga import ProductList from './components/ProductList.jsx'; ham qo’shiladi):

<ProductList products={visibleProducts} />

App qayta chizilsa, uning ichidagi barcha bola komponentlar ham qayta chiziladi — props o’zgarganmi-yo’qmi, farqi yo’q. Mavzu tugmasini bosing: konsolda har safar ProductList chizildi chiqadi, 200 ta <li> qaytadan quriladi. (StrictMode da har chizish ikki marta bo’lgani uchun yozuv juft chiqishi mumkin.)

memo buni to’xtatadi. Komponentni eksport qilishdan oldin o’rang:

// src/components/ProductList.jsx
import { memo } from 'react';

function ProductList({ products }) {
  // ... avvalgidek
}

export default memo(ProductList);

Endi React ProductList ni chizishdan oldin uning props’larini oldingi chizishdagi bilan solishtiradi. Hammasi bir xil bo’lsa — komponentni o’tkazib yuboradi va oldingi natijani qoldiradi. Mavzu tugmasini bosing: fon o’zgaradi, konsolda esa yangi ProductList chizildi chiqmaydi. Qidiruvga harf yozsangiz — chiqadi, chunki products o’zgardi.

memo faqat props’dan himoya qiladi. Komponentning o’z holati o’zgarsa yoki u o’qiydigan Context qiymati o’zgarsa, u baribir qayta chiziladi.

Props qanday solishtiriladi

Endi har mahsulot yoniga “Savatga” tugmasini qo’yamiz. ProductList yangi onAdd props’ini oladi:

// src/components/ProductList.jsx
import { memo } from 'react';

function ProductList({ products, onAdd }) {
  // Vaqtinchalik: komponent qachon chizilishini kuzatamiz
  console.log("ProductList chizildi");

  return (
    <ul>
      {products.slice(0, 200).map((product) => (
        <li key={product.id}>
          {product.name} — {product.price} so'm
          <button type="button" onClick={() => onAdd(product)}>
            Savatga
          </button>
        </li>
      ))}
    </ul>
  );
}

export default memo(ProductList);

App ga savat holatini qo’shamiz va ishlovchini beramiz:

// src/App.jsx
import { useState, useMemo } from 'react';
import ProductList from './components/ProductList.jsx';
import { createProducts, filterProducts } from './products.js';

const allProducts = createProducts(20000);

function App() {
  const [query, setQuery] = useState("");
  const [isDark, setIsDark] = useState(false);
  const [cart, setCart] = useState([]);

  const visibleProducts = useMemo(
    () => filterProducts(allProducts, query),
    [query]
  );

  function handleAdd(product) {
    setCart((prev) => [...prev, product]);
  }

  return (
    <main className={isDark ? "dark" : "light"}>
      <input
        value={query}
        onChange={(e) => setQuery(e.target.value)}
        placeholder="Qidirish..."
      />
      <button type="button" onClick={() => setIsDark(!isDark)}>
        Mavzuni almashtirish
      </button>
      <p>Savatda: {cart.length} ta</p>
      <ProductList products={visibleProducts} onAdd={handleAdd} />
    </main>
  );
}

export default App;

Mavzu tugmasini bosing. Konsolda yana ProductList chizildi chiqadi — memo ishlamay qoldi. Nega?

React props’larni Object.is bilan solishtiradi. Son va matn uchun bu qiymat tengligi. Obyekt, massiv va funksiya uchun esa — bitta manzilmi degan savol. Node’da yoki brauzer konsolida tekshiring:

console.log(Object.is(5, 5));               // true
console.log(Object.is("olma", "olma"));     // true
console.log(Object.is({}, {}));             // false
console.log(Object.is([], []));             // false
console.log(Object.is(() => {}, () => {})); // false

Ikkita bir xil ko’rinishdagi obyekt — ikki alohida obyekt. App har chizilganda function handleAdd qatori yangi funksiya yaratadi. Kodi o’sha, lekin manzili boshqa — memo uchun bu yangi props.

products bilan muammo yo’q: useMemo query o’zgarmaguncha o’sha massivni qaytaradi. filterProducts(...) ni useMemo siz to’g’ridan-to’g’ri chaqirsak, filter va sort har safar yangi massiv beradi va memo bu props’da ham yiqiladi. Ya’ni useMemo bu yerda ikki ish qilyapti: hisob-kitobni tejaydi va bir xil manzilni saqlaydi.

useCallback — funksiyani eslab qolish

useCallback funksiyaning o’zini saqlab qo’yadi va bog’liqliklar o’zgarmaguncha o’sha funksiyani qaytaradi:

// src/App.jsx
import { useState, useMemo, useCallback } from 'react';

// ...

  const handleAdd = useCallback((product) => {
    setCart((prev) => [...prev, product]);
  }, []);

Endi mavzu tugmasini bosing — konsolda ProductList chizildi chiqmaydi. “Savatga” tugmasini bosing — Savatda: 1 ta bo’ladi, ProductList esa yana chizilmaydi: cart uning props’i emas. Qidiruvga harf yozing — products o’zgaradi va ro’yxat to’g’ri qayta chiziladi.

Bog’liqliklar bo’sh — []. Funksiya ichida hech qanday holat o’qilmayapti: setCart ga funksiya berilgan, u eng oxirgi cart ni React’dan oladi. set funksiyalarining o’zi esa har chizishda bir xil bo’ladi, ularni massivga yozish shart emas.

useCallback aslida useMemo ning qisqa yozuvi. Bu ikki qator bir xil ishni qiladi:

// Ikkalasi ham saqlangan funksiyani qaytaradi
const addWithCallback = useCallback((product) => { /* ... */ }, []);
const addWithMemo = useMemo(() => (product) => { /* ... */ }, []);

Farq — nima saqlanishida:

VositaNimani eslab qoladiQayerda
useMemo(fn, deps)fn() ning natijasiniKomponent ichida
useCallback(fn, deps)fn ning o’ziniKomponent ichida
memo(Component)Komponentning chizilgan natijasiniKomponentni o’rab

memo’ni nima buzadi

memo bilan o’ralgan komponentga har chizishda yangi qiymat berilsa, solishtirish har safar false chiqadi. Bunda memo foyda bermaydi, ustiga har chizishda props’larni solishtirishga vaqt ketadi. Eng ko’p uchraydigan sabablar:

// ❌ Har biri har chizishda yangi qiymat
<ProductList
  products={visibleProducts}
  onAdd={(product) => setCart((prev) => [...prev, product])}
  style={{ marginTop: 16 }}
  tags={["yangi", "chegirma"]}
/>
PropsMuammoYechim
onAdd={(product) => ...}JSX ichidagi funksiya har safar yangiuseCallback
style={{ marginTop: 16 }}Obyekt literali har safar yangiO’zgarmasa — komponentdan tashqariga const
tags={["yangi", "chegirma"]}Massiv literali har safar yangiO’zgarmasa — komponentdan tashqariga const
<ProductList>...</ProductList>children ham har safar yangi JSX obyektimemo ni bu yerda ishlatmang

Hamma narsani useCallback yoki useMemo ga o’rash shart emas. O’zgarmaydigan qiymat uchun fayl darajasidagi const eng sodda yo’l — allProducts kabi.

Qachon kerak emas

Bu hook’lar React’dagi eng ko’p noto’g’ri ishlatiladigan vositalardan. Har useMemo va useCallback kodga bog’liqliklar massivi qo’shadi — uni o’qish va to’g’ri saqlash kerak. Foyda bo’lmasa, faqat murakkablik qoladi.

1. Arzon hisob-kitob. Ikki matnni qo’shish yoki o’nta elementni filtrlash uchun useMemo kerak emas:

// ❌ Foydasiz eslab qolish
function Greeting({ firstName, lastName }) {
  const fullName = useMemo(
    () => firstName + " " + lastName,
    [firstName, lastName]
  );

  return <p>Salom, {fullName}!</p>;
}
// ✅ Oddiy o'zgaruvchi
function Greeting({ firstName, lastName }) {
  const fullName = firstName + " " + lastName;

  return <p>Salom, {fullName}!</p>;
}

useMemo ning o’zi ham ish qiladi: bog’liqliklarni saqlaydi va har chizishda solishtiradi. Arzon hisob-kitobda tejaladigan vaqt sezilmaydi, kod esa uzunroq bo’ladi va bog’liqliklarni kuzatib borish kerak.

2. memo siz komponentga yoki HTML elementga beriladigan funksiya.

// ❌ <button> memo bilan o'ralmagan — useCallback hech narsa tejamaydi
function Menu() {
  const [isOpen, setIsOpen] = useState(false);

  const handleClick = useCallback(() => {
    setIsOpen(true);
  }, []);

  return (
    <div>
      <button type="button" onClick={handleClick}>Ochish</button>
      {isOpen && <p>Menyu ochiq</p>}
    </div>
  );
}

useCallback faqat funksiyani oluvchi tomon manzilga qarasa foyda beradi: memo bilan o’ralgan komponent yoki funksiya boshqa hook’ning bog’liqligi bo’lganda. Oddiy <button> uchun yangi funksiya va eski funksiya farqsiz.

3. Komponent tez chiziladi. memo ni har komponentga qo’yish shart emas. Bir-ikki qator JSX qaytaradigan komponent tez chiziladi — memo uni tejaydigan vaqt sezilmaydi, qo’shimcha o’rash va solishtirish esa qoladi. memo ni o’lchab ko’rilganda sekin chiqqan komponentga qo’ying.

4. Holatni pastga tushirish yetarli. Ko’pincha sekin komponentni behuda chizdirayotgan holat unga umuman aloqasi yo’q joyda turadi:

// src/App.jsx
// ❌ Har harfda butun App, demak ProductList ham qayta chiziladi
import { useState } from 'react';
import ProductList from './components/ProductList.jsx'; // memo siz versiya
import { createProducts } from './products.js';

const allProducts = createProducts(20000);

function App() {
  const [email, setEmail] = useState("");

  function handleAdd(product) {
    alert(`${product.name} savatga qo'shildi`);
  }

  return (
    <main>
      <input value={email} onChange={(e) => setEmail(e.target.value)} />
      <ProductList products={allProducts} onAdd={handleAdd} />
    </main>
  );
}

export default App;

email faqat inputga kerak. Uni o’z komponentiga ko’chiramiz:

// src/App.jsx
// ✅ email faqat NewsletterForm ichida
import { useState } from 'react';
import ProductList from './components/ProductList.jsx'; // memo siz versiya
import { createProducts } from './products.js';

const allProducts = createProducts(20000);

function NewsletterForm() {
  const [email, setEmail] = useState("");

  return <input value={email} onChange={(e) => setEmail(e.target.value)} />;
}

function App() {
  function handleAdd(product) {
    alert(`${product.name} savatga qo'shildi`);
  }

  return (
    <main>
      <NewsletterForm />
      <ProductList products={allProducts} onAdd={handleAdd} />
    </main>
  );
}

export default App;

Endi harf yozilganda faqat NewsletterForm qayta chiziladi — memo ham, useCallback ham kerak emas. Bu holatni ko’tarish darsidagi “eng yaqin umumiy ota” qoidasining teskari tomoni: holat keragidan yuqorida turmasin.

Qaror jadvali:

HolatNima qilish
Hisob-kitob 1 ms dan kamOddiy const
Hisob-kitob o’lchab ko’rilganda sekin, bog’liqliklari kam o’zgaradiuseMemo
Sekin komponent behuda qayta chizilyaptiAvval holatni pastga tushiring; yordam bermasa — memo
memo komponentga funksiya yoki obyekt beriladiuseCallback / useMemo
Funksiya memo siz komponentga yoki HTML elementga beriladiHech narsa

React Compiler

React jamoasi React Compiler degan vosita chiqargan. U build paytida komponent kodini tahlil qiladi va eslab qolishni avtomatik qo’shadi — useMemo, useCallback va memo ni qo’lda yozish ehtiyoji kamayadi. Barqaror 1.0 versiyasi 2025-yil oktyabrda chiqqan.

Kompilyator yoqilgan loyihada qo’lda eslab qolish odatda kerak bo’lmaydi. Lekin bu darsdagi bilim baribir kerak: mavjud loyihalar va kutubxonalar useMemo va useCallback ga to’la, ularni o’qish, tuzatish va keraksizini olib tashlay olish kerak. Havola bo’yicha tenglik va bog’liqliklar massivi esa kompilyator bilan ham React’ning asosi bo’lib qoladi.

Amaliy mashq

  1. products.js va birinchi App ni yozing. Mavzu tugmasini bosib, konsoldagi filter: vaqtini yozib oling. DevTools’da CPU sekinlashtirishni yoqib, yana o’lchang.
  2. Hisob-kitobni useMemo ga o’rang. Mavzu tugmasini bosganda filter: qatori chiqmasligini, qidiruvga yozganda esa chiqishini tekshiring.
  3. Bog’liqliklarni [] ga almashtiring, npm run lint xabarini o’qing va qidiruv ishlamay qolganini ko’ring. Keyin [query] ni qaytaring.
  4. ProductList ni yozing va memo bilan o’rang. handleAdd oddiy funksiya bo’lganda mavzu tugmasi ProductList chizildi ni chiqarishini, useCallback dan keyin esa chiqarmasligini solishtiring.
  5. handleAdd ni setCart([...cart, product]) va [] bilan yozing. “Savatga” ni uch marta bosing va hisoblagich nega 1 da qolishini bir jumlada tushuntiring. Keyin funksiya shakliga qaytaring.
  6. ProductList ga style={{ marginTop: 16 }} props’ini qo’shing va memo yana buzilganini ko’ring. Uni ikki usulda tuzating: obyektni komponentdan tashqariga chiqarib va useMemo bilan. Qaysi biri soddaroq?

4-qadam eng muhimi: memo va useCallback faqat birgalikda foyda berishini o’z ko’zingiz bilan ko’rmasangiz, ularni alohida-alohida behuda ishlatish odati qoladi.

Qisqacha xulosa

  • useMemo(fn, deps) hisob-kitob natijasini eslab qoladi va bog’liqliklar o’zgarmaguncha fn ni qayta chaqirmaydi.
  • useCallback(fn, deps) funksiyaning o’zini eslab qoladi; bu useMemo(() => fn, deps) ning qisqa yozuvi.
  • memo(Component) props o’zgarmagan bo’lsa komponentni qayta chizmaydi, lekin o’z holati yoki Context o’zgarsa baribir chizadi.
  • React props va bog’liqliklarni Object.is bilan solishtiradi: ikki alohida obyekt, massiv yoki funksiya ichi bir xil bo’lsa ham teng emas.
  • useCallback faqat memo komponentga yoki boshqa hook’ning bog’liqligiga berilgan funksiyada foyda beradi.
  • Avval o’lchang: 1 ms dan kam hisob-kitobga useMemo, tez komponentga memo kerak emas; ko’pincha holatni pastga tushirish yetarli.
  • React Compiler eslab qolishni avtomatik qo’shadi, lekin mavjud kodni o’qish uchun bu hook’larni tushunish kerak.

Keyingi darsda useRef — DOM elementiga to’g’ridan-to’g’ri murojaat va o’zgarganda qayta chizishga sabab bo’lmaydigan qiymat.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi