React custom hook: o'z hook'ingizni yozish

useReducer darsida holat mantiqini komponentdan alohida funksiyaga chiqardik. Endi boshqa muammo: ikki-uch komponentda bir xil useState + useEffect juftligi yozilib qoladi. Nusxa ko’chirilgan kodda xato ham nusxalanadi — tuzatish esa har joyda alohida. Bu darsda shunday mantiqni o’z hook’ingizga chiqarasiz.

Muammo: takrorlanadigan mantiq

Yakuniy loyihada vazifalar ro’yxati localStorage da saqlangan edi: useState(loadTasks) o’qiydi, useEffect yozadi. Endi ilovaga yana ikki narsa kerak — tanlangan mavzu (yorug’/qorong’i) va eslatma qoralamasi. Ikkalasi ham sahifa yangilanganda saqlanib qolishi kerak:

// src/components/ThemeToggle.jsx
import { useState, useEffect } from 'react';

function ThemeToggle() {
  const [theme, setTheme] = useState(() => {
    try {
      const saved = localStorage.getItem("theme");
      return saved === null ? "light" : JSON.parse(saved);
    } catch {
      return "light";
    }
  });

  useEffect(() => {
    localStorage.setItem("theme", JSON.stringify(theme));
  }, [theme]);

  // ...
}
// src/components/NoteEditor.jsx
import { useState, useEffect } from 'react';

function NoteEditor() {
  const [draft, setDraft] = useState(() => {
    try {
      const saved = localStorage.getItem("note-draft");
      return saved === null ? "" : JSON.parse(saved);
    } catch {
      return "";
    }
  });

  useEffect(() => {
    localStorage.setItem("note-draft", JSON.stringify(draft));
  }, [draft]);

  // ...
}

Ikki komponentda o’n qatordan ortiq bir xil kod. Farqi faqat ikkita: kalit ("theme", "note-draft") va boshlang’ich qiymat ("light", ""). Takrorlanadigan kodda o’zgaradigan qism — bo’lajak funksiyaning parametrlari.

Birinchi hook: useLocalStorage

Takrorlangan qismni alohida faylga ko’chiramiz. Kalit va boshlang’ich qiymat parametrga aylanadi:

// src/hooks/useLocalStorage.js
import { useState, useEffect } from 'react';

function readValue(key, initialValue) {
  try {
    const saved = localStorage.getItem(key);
    return saved === null ? initialValue : JSON.parse(saved);
  } catch {
    // Buzilgan qiymat — boshlang'ich qiymatga qaytamiz
    return initialValue;
  }
}

function useLocalStorage(key, initialValue) {
  const [value, setValue] = useState(() => readValue(key, initialValue));

  useEffect(() => {
    localStorage.setItem(key, JSON.stringify(value));
  }, [key, value]);

  return [value, setValue];
}

export default useLocalStorage;

Endi komponentlar bitta qatorga qisqaradi:

// src/components/ThemeToggle.jsx
import useLocalStorage from '../hooks/useLocalStorage.js';

function ThemeToggle() {
  const [theme, setTheme] = useLocalStorage("theme", "light");

  function handleClick() {
    setTheme(theme === "light" ? "dark" : "light");
  }

  return (
    <button type="button" onClick={handleClick}>
      Mavzu: {theme}
    </button>
  );
}

export default ThemeToggle;
// NoteEditor ichida
const [draft, setDraft] = useLocalStorage("note-draft", "");

Ekranda Mavzu: light tugmasi chiqadi. Bosing — Mavzu: dark bo’ladi. Sahifani yangilang — dark saqlanib qolgan. Brauzer DevTools’ining Application → Local Storage bo’limida theme kaliti va "dark" qiymati ko’rinadi.

Hook useState bilan bir xil shaklda qaytaradi — [qiymat, o'rnatuvchi] massivi. Shuning uchun komponent ichida uni useState ga o’xshatib ishlatasiz, nomlarni ham o’zingiz tanlaysiz: theme/setTheme, draft/setDraft.

use bilan boshlanish qoidasi

Hook nomi use va bosh harf bilan boshlanadi: useLocalStorage, useFetch, useOnlineStatus. Bu shunchaki odat emas — tekshiruv vositalari funksiyani hook deb aynan nomidan taniydi.

Vite loyihasidagi npm run lint hook qoidalarini faqat ikki xil funksiya ichida tekshiradi: komponent (bosh harf bilan) va hook (use bilan). Nomni noto’g’ri bersangiz, lint shunday xabar chiqaradi:

// ❌ Hook chaqiradi, lekin nomi use bilan boshlanmaydi
function loadSettings() {
  const [theme] = useLocalStorage("theme", "light");
  return theme;
}
React Hook "useLocalStorage" is called in function "loadSettings" that
is neither a React function component nor a custom React Hook function.
React component names must start with an uppercase letter. React Hook
names must start with the word "use"

Teskari holat ham bor: ichida birorta hook chaqirmaydigan funksiyaga use nomi berilmaydi.

// ❌ Ichida hook yo'q — bu hook emas
function useFormattedDate(date) {
  return date.toLocaleDateString("uz-UZ");
}

// ✅ Oddiy funksiya
function formatDate(date) {
  return date.toLocaleDateString("uz-UZ");
}

use nomi kodni o’qiyotgan odamga “bu funksiyaga hook qoidalari tegishli” deb signal beradi. Hook bo’lmagan funksiyaga shu nom berilsa, uni if ichida bemalol chaqirish mumkin bo’lsa ham, o’quvchi buni taqiqlangan deb o’ylaydi.

Hook qoidalari

React hook’larni chaqirilish tartibi bo’yicha taniydi. Komponent har chizilganda hook’lar aynan bir xil tartibda va bir xil sonda chaqirilishi kerak. Bundan ikki qoida kelib chiqadi:

  1. Hook faqat yuqori darajada chaqiriladi — if, sikl, ichki funksiya yoki erta return dan keyin emas.
  2. Hook faqat komponent yoki boshqa hook ichida chaqiriladi — oddiy funksiyada, hodisa ishlovchisida emas.

Birinchi qoida buzilsa nima bo’lishini ko’ramiz:

// ❌ Hook shart ichida
function Settings({ isLoggedIn }) {
  const [count, setCount] = useState(0);

  if (isLoggedIn) {
    const [theme, setTheme] = useLocalStorage("theme", "light");
  }

  const [language, setLanguage] = useState("uz");
  // ...
}

Birinchi chizishda isLoggedIn false bo’lsa, React ikkita useState ni sanaydi. Foydalanuvchi tizimga kirgach, hook’lar soni o’zgaradi va ilova yiqiladi:

Rendered more hooks than during the previous render.

Teskari yo’nalishda (avval true, keyin false) xabar boshqacha:

Rendered fewer hooks than expected. This may be caused by an
accidental early return statement.

npm run lint bu xatoni ilovani ishga tushirmasdan oldin topadi:

React Hook "useLocalStorage" is called conditionally. React Hooks must
be called in the exact same order in every component render

Har chaqiruv o’z holatiga ega

Hook mantiqni bo’lishadi, holatni emas. Buni tekshirish uchun sahifaga ikkita bir xil komponent qo’ying:

function App() {
  return (
    <>
      <ThemeToggle />
      <ThemeToggle />
    </>
  );
}

Birinchi tugmani bosing. Ekranda:

Mavzu: dark    Mavzu: light

Ikkinchi tugma o’zgarmadi, garchi ikkalasi bitta "theme" kalitini ishlatsa ham. Har useLocalStorage(...) chaqiruvi ichida o’zining alohida useState i bor. localStorage ga yozish ham boshqa komponentga xabar bermaydi — u faqat sahifa yangilanganda o’qiladi.

Ikki komponent bitta qiymatni ko’rishi kerak bo’lsa, hook yetmaydi. Holat umumiy ota komponentda saqlanadi — holatni ko’tarish darsidagi usul — yoki Context orqali uzatiladi.

JSON.parse xatosi

readValue ichidagi try/catch ortiqchadek ko’rinadi. Uni olib tashlasangiz nima bo’lishini ko’ramiz.

Ilovaning eski versiyasi mavzuni JSON.stringify siz yozgan bo’lsin:

localStorage.setItem("theme", "dark");

Saqlangan matn — dark, qo’shtirnoqsiz. Yangi kod uni JSON.parse ga beradi va brauzer konsolida xato chiqadi:

Unexpected token 'd', "dark" is not valid JSON

Xato birinchi chizish paytida, useState ning boshlang’ich funksiyasida yuz beradi. Natijada butun ilova ochilmaydi — oq ekran. Foydalanuvchi qo’lida esa tuzatish yo’li yo’q: sahifani yangilasa ham buzilgan qiymat o’z joyida turibdi.

Bu naqsh localStorage darsida JavaScript uchun ko’rsatilgan edi. Hook’ning foydasi shu yerda: himoya bir joyda yozildi va uni ishlatgan har komponent avtomatik himoyalangan.

useFetch: ma’lumot yuklashni ajratish

Ma’lumot yuklash darsidagi UserList komponentida mantiqning katta qismi har so’rov uchun bir xil edi: uchta useState, try/catch/finally, response.ok tekshiruvi, AbortController. Farq qiladigan narsa — faqat manzil. Demak manzil parametr bo’ladi:

// src/hooks/useFetch.js
import { useState, useEffect } from 'react';

function useFetch(url) {
  const [data, setData] = useState(null);
  const [isLoading, setIsLoading] = useState(true);
  const [error, setError] = useState(null);

  useEffect(() => {
    async function load() {
      try {
        setIsLoading(true);
        setError(null);

        const response = await fetch(url);

        if (!response.ok) {
          throw new Error(`Server javobi: ${response.status}`);
        }

        const json = await response.json();
        setData(json);
      } catch (err) {
        setError(err.message);
      } finally {
        setIsLoading(false);
      }
    }

    load();
  }, [url]);

  return { data, isLoading, error };
}

export default useFetch;

Bu birinchi variant — ataylab bekor qilishsiz. Keyingi bo’limda uning kamchiligini ko’rib, tuzatamiz.

Hook ishlatilgan komponent:

// src/components/UserList.jsx
import useFetch from '../hooks/useFetch.js';

function UserList() {
  const { data: users, isLoading, error } = useFetch(
    "https://jsonplaceholder.typicode.com/users"
  );

  if (isLoading) return <p>Yuklanmoqda...</p>;
  if (error) return <p className="error">Xato: {error}</p>;

  return (
    <ul>
      {users.map((user) => (
        <li key={user.id}>
          {user.name} — {user.email}
        </li>
      ))}
    </ul>
  );
}

export default UserList;

Ekranda avval Yuklanmoqda..., keyin o’nta foydalanuvchi:

Leanne Graham — Sincere@april.biz
Ervin Howell — Shanna@melissa.tv
...

Komponentda endi faqat ko’rinish qoldi. Uni o’qigan odam qanday yuklanishini emas, nima ko’rsatilishini ko’radi.

Poyga holati

Endi manzil o’zgaradigan holatni ko’ramiz. Foydalanuvchi tugma orqali profil tanlaydi:

// src/components/UserPicker.jsx
import { useState } from 'react';
import useFetch from '../hooks/useFetch.js';

function UserProfile({ userId }) {
  const { data: user, isLoading, error } = useFetch(
    `https://jsonplaceholder.typicode.com/users/${userId}`
  );

  if (isLoading) return <p>Yuklanmoqda...</p>;
  if (error) return <p className="error">Xato: {error}</p>;

  return <p>{user.name}</p>;
}

function UserPicker() {
  const [userId, setUserId] = useState(1);

  return (
    <div>
      {[1, 2, 3].map((id) => (
        <button key={id} type="button" onClick={() => setUserId(id)}>
          Foydalanuvchi {id}
        </button>
      ))}
      <UserProfile userId={userId} />
    </div>
  );
}

export default UserPicker;

Muammo shunday paydo bo’ladi. 1 tanlangan, so’rov ketdi, lekin server sekin javob beryapti. Foydalanuvchi kutmay 2 ni bosdi — ikkinchi so’rov ketdi va u tezroq qaytdi. Ekran ketma-ketligi:

Yuklanmoqda...   →   Ervin Howell   →   Leanne Graham
                     (2-foydalanuvchi)   (1-foydalanuvchi, kechikib keldi)

Tanlangan tugma 2, ekranda esa 1-foydalanuvchi. Kechikkan javob yangisining ustiga yozildi.

Xato faqat sekin tarmoqda ko’rinadi. Ishlab chiqish paytida kompyuter tez, server yaqin — hammasi to’g’ri ishlayotgandek tuyuladi. Muammo foydalanuvchining sekin internetida chiqadi.

So’rovni bekor qilish

Yechim — ma’lumot yuklash darsidagi AbortController. Manzil o’zgarganda yoki komponent ekrandan ketganda effektning tozalash funksiyasi eski so’rovni bekor qiladi:

// src/hooks/useFetch.js
import { useState, useEffect } from 'react';

function useFetch(url) {
  const [data, setData] = useState(null);
  const [isLoading, setIsLoading] = useState(true);
  const [error, setError] = useState(null);

  useEffect(() => {
    const controller = new AbortController();

    async function load() {
      try {
        setIsLoading(true);
        setError(null);

        const response = await fetch(url, { signal: controller.signal });

        if (!response.ok) {
          throw new Error(`Server javobi: ${response.status}`);
        }

        const json = await response.json();
        setData(json);
      } catch (err) {
        if (err.name === "AbortError") {
          return;
        }
        setError(err.message);
      } finally {
        // Bekor qilingan so'rov yangisining holatiga tegmasin
        if (!controller.signal.aborted) {
          setIsLoading(false);
        }
      }
    }

    load();

    return () => {
      controller.abort();
    };
  }, [url]);

  return { data, isLoading, error };
}

export default useFetch;

Endi xuddi o’sha ketma-ketlik:

Yuklanmoqda...   →   Ervin Howell
                     (1-so'rov bekor qilingan, uning javobi ishlatilmaydi)

UserPicker va UserProfile komponentlariga birorta qator qo’shilmadi. Tuzatish hook ichida bo’ldi — uni ishlatgan hamma komponent bir yo’la tuzatildi. O’z hook’ingizning asosiy foydasi shu.

Hook qachon kerak emas

Har takrorlangan ikki qatorga hook yozish shart emas. Uchta savol yordam beradi:

SavolJavob “yo’q” bo’lsa
Ichida useState, useEffect yoki boshqa hook bormi?Oddiy funksiya yozing
Mantiq kamida ikki joyda kerakmi yoki komponentni sezilarli soddalashtiradimi?Komponent ichida qoldiring
Hook nomi nima qilishini aniq aytadimi?Mantiq hali aniq ajralmagan

Yaxshi hook nomi maqsadni aytadi: useLocalStorage, useFetch, useOnlineStatus. useMount yoki useEffectOnce kabi nomlar esa useEffect ni boshqa nom bilan qayta o’raydi — kod qisqarmaydi, faqat bir qatlam qo’shiladi.

Amaliy mashq

  1. src/hooks/useLocalStorage.js ni yozing va ThemeToggle da ishlating. Tugmani bosib, sahifani yangilang — tanlangan mavzu saqlanib qolishi kerak.
  2. DevTools’ning Application → Local Storage bo’limida theme qiymatini qo’shtirnoqsiz dark ga o’zgartiring. Avval readValue dan try/catch ni olib tashlab sahifani yangilang va konsoldagi xatoni o’qing. Keyin try/catch ni qaytaring.
  3. Sahifaga ikkita ThemeToggle qo’ying va bittasini bosing. Ikkinchisi nega o’zgarmasligini bir jumla bilan tushuntiring.
  4. Ma’lumot yuklash darsidagi UserList ni useFetch ga o’tkazing. Komponentda nechta qator qolganini sanang.
  5. UserPicker ni bekor qilishsiz useFetch bilan yozing. DevTools Network bo’limida sekin tarmoq rejimini (Throttling) yoqing va tugmalarni tez-tez almashtiring — noto’g’ri profil chiqquncha bir necha marta urinib ko’ring. Keyin AbortController qo’shing.
  6. Settings komponentida useLocalStorage ni if ichiga yozing va npm run lint nima deyishini o’qing. Keyin komponentni ikkiga bo’lib tuzating.

5-qadam eng muhimi: poyga holati tez kompyuterda ko’rinmaydi, shuning uchun uni bir marta o’z ko’zingiz bilan ko’rmasangiz, ishonish qiyin.

Qisqacha xulosa

  • Custom hook — nomi use bilan boshlanadigan va ichida boshqa hook chaqiradigan funksiya; u komponentlar orasida mantiqni bo’lishadi.
  • Hook mantiqni bo’lishadi, holatni emas — har chaqiruvning o’z useState i bor.
  • Hook’lar har chizishda bir xil tartibda chaqiriladi: if, sikl va erta return dan keyin chaqirilmaydi.
  • use nomi lint’ga hook qoidalarini tekshirish uchun kerak; ichida hook yo’q funksiyaga bu nom berilmaydi.
  • localStorage dan o’qishda JSON.parse ni try/catch ga oling — buzilgan qiymat butun ilovani oq ekranga aylantiradi.
  • useFetch da AbortController poyga holatini oldini oladi: manzil o’zgarganda eski so’rov bekor qilinadi.
  • Tuzatish hook ichida qilinsa, uni ishlatgan hamma komponent bir yo’la tuzatiladi.

Keyingi darsda useMemo va useCallback — qimmat hisob-kitobni eslab qolish va qachon bunga hojat yo’qligi.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi