CSS selektorlar (element, class, id)
CSS qoidasining chap tomonidagi selektor qaysi HTML elementlariga uslub qo’llanishini belgilaydi. To’g’ri selektor kodni qayta ishlatiladigan qiladi; haddan tashqari aniq selektor esa keyinchalik o’zgartirishni qiyinlashtiradi.
Uch asosiy selektor
Element selektori bir xil teglarning barchasini tanlaydi:
p { color: #475569; }
Class selektori HTML’dagi class atributi qiymatini nuqta bilan tanlaydi.
Atribut istalgan elementga berilishi mumkin, shuning
uchun class eng ko’p ishlatiladigan selektordir:
Muhim xabar
.muhim { color: #b91c1c; }
Bir class ko’p elementda, bir element esa bir nechta class bilan ishlashi
mumkin: class="card featured".
ID selektori noyob id ni # belgisi bilan tanlaydi:
#asosiy-sarlavha { color: #3730a3; }
ID sahifada noyob bo’lishi kerak. CSS uchun ko’pincha class qulayroq; ID fragment havola, label bog’lash va JavaScript kabi noyob aloqalarda muhim.
Jonli selektorlar
Kurslar
HTML va CSS
Veb-sahifa tuzilishi va dizayni.
Boshlash
Python
Dasturlash asoslari va amaliyot.
Boshlash
esa card ichidagi sarlavhalarga qo’llanadi.
Guruhlash va munosabat selektorlari
Bir xil qoidani bir nechta selektorga vergul bilan bering:
h1, h2, h3 {
line-height: 1.2;
Bo’sh joy ichkaridagi istalgan avlodni tanlaydi:
.card a { text-decoration: none; }
> faqat bevosita farzandni tanlaydi:
nav > ul { list-style: none; }
Selektorni keragidan ortiq uzun yozmang. .sidebar nav ul li a o’rniga
maqsadli .sidebar-link classi ko’pincha barqarorroq.
Atribut va holat selektorlari
Atribut selektori ma’lum atributli elementni topadi:
input[type="email"] { border-color: #6366f1; }
[disabled] { opacity: 0.55; }
Pseudo-class elementning holatini tanlaydi:
a:hover { color: #1d4ed8; }
button:focus-visible { outline: 3px solid #38bdf8; }
input:required { border-left: 3px solid #f59e0b; }
Hover faqat sichqoncha bilan ishlaydigan yagona signal bo’lmasligi kerak.
Klaviatura foydalanuvchisi uchun :focus-visible holatini ham ko’rinarli
qiling.
Specificity — qaysi qoida yutadi?
Bir elementga qarama-qarshi qoidalar mos kelsa, brauzer ularning aniqligini hisobga oladi. Soddalashtirilgan tartib:
element < class/atribut/pseudo-class < id < inline style
p { color: gray; }
.notice { color: orange; }
#urgent { color: red; }
uchun ID qoidasi aniqroq. Aniqlik teng
bo’lsa, stylesheetda keyinroq yozilgan qoida yutadi.
Amaliy mashq
Uchta kurs kartasi yarating. Barchasiga .card, bittasiga qo’shimcha
.featured classi bering. Card ichidagi havolani descendant selektor,
klaviatura fokusini :focus-visible bilan bezang. ID ishlatmasdan yechishga
harakat qiling.
Qisqacha xulosa
- Element selektori teglarni, class qayta ishlatiladigan guruhni tanlaydi.
- ID noyob bo’lishi kerak va specificitysi yuqori.
- Guruhlash takrorni, munosabat selektorlari tanlov doirasini boshqaradi.
- Atribut selektori atributga, pseudo-class holatga qarab tanlaydi.
- Sodda classlar specificity muammolarini kamaytiradi.
Keyingi darsda CSS rang va fon bilan tanlangan elementlarga vizual iyerarxiya beramiz.