Dasturlash asoslari
Dasturlash asoslari — bu dasturlash olamining umumiy manzarasi. Bu yerda muayyan til sintaksisi yodlatilmaydi; uning o'rniga dastur qanday fikr bilan tuziladi tushuntiriladi: dastur nima, algoritm qanday yoziladi, o'zgaruvchi, shart, sikl va funksiya nima ish qiladi hamda qaysi yo'nalishlar mavjud.
Buni shahar xaritasiga qiyoslash mumkin. Mashina haydashni o'rganishdan oldin shaharda qaysi yo'llar borligini bilib olish kerak — aks holda yurishni bilasiz-u, qayerga borishni bilmaysiz.
Nega bu bo'lim birinchi turadi. Dasturlashni boshlaganlarning ko'pchiligi darhol til tanlaydi: kimdir Python, kimdir JavaScript. Bir necha oydan keyin esa ma'lum bo'ladiki, ular ko'zlagan maqsad uchun butunlay boshqa vosita kerak edi. Natijada vaqt sarflanadi va ishtiyoq so'nadi.
Bu bo'lim shu holatning oldini oladi. Uni o'qib chiqqach quyidagilarni ongli ravishda hal qila olasiz:
- Qaysi yo'nalish sizning maqsadingizga mos kelishini
- Nimadan boshlash va qanday tartibda davom etish kerakligini
- Eshitgan atamalaringiz aslida nimani anglatishini
Bu bo'lim, ayniqsa, hali hech qachon kod yozmagan odamlar uchun foydali. Tayyorgarlik talab qilinmaydi: har atama birinchi uchraganda izohlanadi, murakkab tushunchalar kundalik hayotdan olingan misollar orqali ochiladi.
Bu bo'limda nima o'rganasiz
- Dastur va dasturlash tili aslida nima ekanini
- Tillar nega ko'p va ular bir-biridan qanday farq qilishini
- Yozilgan kod kompyuterga qanday yetib borishini — kompilyator va interpretator
- Algoritm nima va masalani qadamlarga qanday bo'lishni
- O'zgaruvchi, shart, sikl va funksiya bilan kod mantig'ini psevdokodda yozishni
- Debugging — xatoni dalil bilan topish va tuzatishni
- Birinchi mini-loyihani talabdan test holatlarigacha rejalashtirishni
- Dasturchi kundalik ishida qanday vositalarga tayanishini — muharrir, terminal, Git
- Web, mobil, qurilma va sun'iy intellekt yo'nalishlarida nima qilinishini
- Qaysi yo'nalish sizga mos kelishini va qayerdan boshlashni