Node.js o'rnatish va REPL

Node.js nima darsida muhit haqida o’qidingiz. Endi uni kompyuteringizga o’rnatasiz. O’rnatish tugagach ikki yo’l ochiladi: kodni REPL ichida qatorma-qator sinash yoki .js faylga yozib ishga tushirish. Shu darsda ikkalasini ham qilasiz.

Qaysi versiyani olish kerak

nodejs.org saytida ikki tugma turadi. Ularning farqi muhim.

VersiyaMa’nosiKimga
LTSUzoq muddat qo’llab-quvvatlanadiO’rganish va ish loyihasi
CurrentEng yangi imkoniyatlar, tez o’zgaradiYangilikni sinovchilar

LTS ni tanlang. Bu bo’limdagi hamma kod LTS’da ishlaydi.

Windows’ga o’rnatish

  1. nodejs.org dan LTS tugmasini bosing — .msi fayli yuklanadi;
  2. Faylni ishga tushiring va oynalarda Next bilan davom eting;
  3. “Add to PATH” belgisi turgan bo’lsin — u standart holda yoqilgan;
  4. O’rnatish tugagach PowerShell yoki Terminal ni oching.

Tekshirish:

node --version
npm --version
v22.11.0
10.9.0

Raqamlar sizda boshqacha bo’lishi mumkin — muhimi, ikkala buyruq ham versiya qaytarsin.

macOS’ga o’rnatish

Saytdan .pkg faylini yuklab ishga tushiring. Yoki Homebrew ishlatsangiz:

brew install node

Tekshirish xuddi shunday:

node --version
v22.11.0

Linux’ga o’rnatish

Ubuntu va Debian’da omborlardagi Node.js ko’pincha eskiroq bo’ladi. Shuning uchun nvm orqali o’rnatish qulayroq — pastda ko’ramiz. Tezkor yo’l sifatida:

sudo apt update
sudo apt install nodejs npm

Keyin versiyani tekshiring:

node --version

O’rnatilgan versiya v20 dan past bo’lsa, nvm bilan yangisini qo’ying.

nvm — bir nechta versiyani saqlash

Ish loyihalarida turli versiyalar talab qilinadi: biri v18, ikkinchisi v22. Har safar Node.js’ni qayta o’rnatish noqulay.

O’rnatilgandan keyin ishlatilishi shunday:

nvm install --lts
nvm use 22
nvm list
->     v22.11.0
       v18.20.5

Strelka qaysi versiya hozir faol ekanini ko’rsatadi.

REPL — kodni tez sinash joyi

Terminalga hech qanday fayl nomisiz node yozing:

node
Welcome to Node.js v22.11.0.
Type ".help" for more information.
>

> belgisi paydo bo’ldi — siz REPL ichidasiz.

Bir nechta qator yozib ko’ring:

> 2 + 3
5
> const name = "Aziz";
undefined
> `Salom, ${name}!`
'Salom, Aziz!'
> [1, 2, 3].map((number) => number * 2)
[ 2, 4, 6 ]

REPL har ifodaning natijasini o’zi chiqaradi — console.log yozish shart emas. const name = "Aziz"; qatoridan keyingi undefined ham shundan: o’zgaruvchi e’lon qilish hech nima qaytarmaydi, REPL esa qaytgan qiymatni ko’rsatadi.

REPL buyruqlari

Nuqta bilan boshlanadigan maxsus buyruqlar bor:

BuyruqVazifasi
.helpBuyruqlar ro’yxati
.clearE’lon qilingan o’zgaruvchilarni tozalash
.editorKo’p qatorli kod yozish rejimi
.exitREPL’dan chiqish

Chiqish uchun .exit yozing yoki Ctrl + D bosing. Ctrl + C ni ikki marta bosish ham chiqaradi.

_ — oxirgi natija

REPL oxirgi hisoblangan qiymatni _ o’zgaruvchisida saqlaydi:

> 10 * 5
50
> _ + 8
58
> _ / 2
29

Bu faqat REPL ichida ishlaydigan qulaylik. Faylda _ shunday ma’no bermaydi.

Birinchi fayl

REPL sinov uchun. Haqiqiy dastur faylda yoziladi.

Papka yarating va ichiga kiring:

mkdir node-start
cd node-start

app.js nomli fayl yarating va ichiga yozing:

// Birinchi Node.js dasturi
const appName = "Node dasturi";
const languages = ["JavaScript", "PHP", "Python"];

console.log("Dastur nomi:", appName);
console.log("Tillar soni:", languages.length);

languages.forEach((language, index) => {
  console.log(`${index + 1}. ${language}`);
});

Ishga tushirish — node buyrug’idan keyin fayl nomi:

node app.js
Dastur nomi: Node dasturi
Tillar soni: 3
1. JavaScript
2. PHP
3. Python

Kod brauzersiz ishladi. Bu yerda document ham, HTML sahifa ham yo’q — faqat terminal va console.log.

Fayl kengaytmasi haqida

node app.js o’rniga node app deb ham yozish mumkin — Node.js .js kengaytmasini o’zi qo’shib ko’radi. Lekin to’liq nom yozish aniqroq, ayniqsa papkada bir nechta fayl bo’lganda.

Amaliy mashq

O’z kompyuteringizda bajaring:

  1. Node.js LTS versiyasini o’rnating va node --version bilan tekshiring — versiya raqami chiqishi shart;
  2. node buyrug’i bilan REPL’ni oching, 5 * 12 hisoblang, keyin _ + 3 yozib oxirgi natijadan foydalaning;
  3. REPL ichida massiv e’lon qiling va filter bilan undan katta sonlarni ajrating, so’ng .exit bilan chiqing;
  4. node-start papkasida app.js yaratib, yuqoridagi kodni yozing va node app.js bilan ishga tushiring;
  5. app.js ga o’z ismingizni chiqaradigan yangi console.log qator qo’shing va faylni qayta ishga tushiring;
  6. Fayl nomini ataylab xato yozib (node aap.js) xato xabarini o’qing, keyin to’g’rilang.

6-qadam eng foydalisi: Cannot find module xatosini oldindan ko’rgan odam uni haqiqiy loyihada tez tanib oladi.

Qisqacha xulosa

  • Saytdan LTS versiya olinadi — u uzoq qo’llab-quvvatlanadi va kutubxonalar unda sinalgan.
  • node --version va npm --version o’rnatish to’g’ri tugaganini tasdiqlaydi.
  • node buyrug’i fayl nomisiz REPL’ni ochadi, fayl nomi bilan o’sha faylni ishga tushiradi.
  • REPL’da _ oxirgi natijani saqlaydi, .exit chiqaradi, kod esa saqlanmaydi.
  • Haqiqiy dastur .js faylga yoziladi va node app.js bilan bajariladi.
  • nvm bir nechta Node.js versiyasini almashtirish kerak bo’lganda qo’l keladi.

Keyingi darsda npm va package.json — tayyor kutubxonalarni loyihaga qanday qo’shish.

Bu dars foydali bo'ldimi?

—
— marta ko'rildi