# Docker qatlamlari, build keshi va image hajmi

> Docker image qatlamlari: docker history, build keshi qachon buziladi, to'liq, slim va alpine image farqi, multi-stage build va image hajmini o'lchash.

Manba: https://learncode.uz/docker/qatlamlar-va-kesh/
Sana: 2026-11-02

[O'tgan darsda](https://learncode.uz/docker/nodejs-ilovani-konteynerlash) Express ilovani
image'ga joyladingiz. Endi uni har kuni qayta build qilasiz: bitta
qatorni o'zgartirasiz — build. Bu bir necha soniya yoki bir necha daqiqa
olishi mumkin, image esa 250 MB yoki 1.6 GB bo'lishi mumkin. Farq
Dockerfile qatorlarining tartibida va asosiy image tanlovida.

## Har buyruq — qatlam

> **Atama**
>
> **Qatlam (layer)** — Dockerfile'dagi bitta buyruq fayl tizimiga kiritgan
> o'zgarishlar to'plami. Image — ustma-ust qo'yilgan qatlamlar.
> Konteyner ishga tushganda ular birlashib, bitta fayl tizimi bo'lib
> ko'rinadi.

`docker history` image qaysi qatlamlardan iboratligini ko'rsatadi:

```bash
docker history task-api:1.0
```

```
IMAGE          CREATED          CREATED BY                                      SIZE      COMMENT
f045ec7ad304   1 second ago     CMD ["node" "server.js"]                        0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      1 second ago     USER node                                       0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      1 second ago     EXPOSE [3000/tcp]                               0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      1 second ago     COPY . . # buildkit                             16.4kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      28 minutes ago   RUN /bin/sh -c npm ci --omit=dev # buildkit     9.4MB     buildkit.dockerfile.v0
<missing>      28 minutes ago   COPY package*.json ./ # buildkit                57.3kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      28 minutes ago   WORKDIR /app                                    8.19kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       CMD ["node"]                                    0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       ENTRYPOINT ["docker-entrypoint.sh"]             0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       COPY docker-entrypoint.sh /usr/local/bin/ # …   20.5kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       RUN /bin/sh -c set -ex   && savedAptMark="$(…   7.33MB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       ENV YARN_VERSION=1.22.22                        0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       RUN /bin/sh -c ARCH= OPENSSL_ARCH= && dpkgAr…   157MB     buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       ENV NODE_VERSION=24.22.2                        0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       RUN /bin/sh -c groupadd --gid 1000 node   &&…   69.6kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      2 days ago       # debian.sh --arch 'amd64' out/ 'bookworm' '…   85.3MB    debuerreotype 0.17
```

Jadval pastdan yuqoriga o'qiladi:

- pastdagi qatorlar — `node:24-slim` image'ining qatlamlari: Debian
  (85 MB) va Node.js (157 MB);
- yuqoridagi yetti qator — sizning Dockerfile'ingiz;
- `0B` qatorlar (`CMD`, `USER`, `EXPOSE`) fayl qo'shmaydi, faqat
  sozlama yozadi.

Sizning qismingiz 10 MB ga ham yetmaydi. Image hajmining asosiy qismini
**asosiy image** beradi — bunga pastda qaytamiz.

`<missing>` xato emas: oraliq qatlamlar alohida image sifatida
saqlanmaydi, shuning uchun ularning o'z ID si yo'q. ID faqat eng yuqori
qatorda — butun image'niki.

## Kesh qanday ishlaydi

Qayta build'da Docker har buyruqni tartib bilan tekshiradi:
"bu buyruq va unga kiradigan fayllar o'tgan safargidek-mi?". Ha bo'lsa,
saqlangan qatlam olinadi (`CACHED`). Yo'q bo'lsa — buyruq qayta
bajariladi va **undan keyingi hamma buyruq ham** qayta bajariladi.

![Docker image qatlamlari ustuni: o'zgargan COPY qatlami va undan keyingi qatlamlar qayta quriladi, oldingilari keshdan olinadi](https://learncode.uz/images/docker/qatlamlar.webp)

*O'zgargan qatlam va undan keyingilari qayta quriladi, oldingi qatlamlar keshdan olinadi.*

`COPY` uchun "o'zgardimi" degani — nusxalanayotgan fayllar tarkibi
o'zgardimi. `RUN` uchun — buyruq matni o'zgardimi. `RUN npm ci` matni
hech qachon o'zgarmaydi, shuning uchun uning keshini **oldidagi `COPY`**
boshqaradi.

## Tartib muhim: tajriba

O'tgan darsdagi Dockerfile'da `server.js` ni o'zgartiring (masalan,
salomlashish matnini) va qayta build qiling:

```bash
docker build -t task-api:1.1 .
```

```
 => CACHED [2/5] WORKDIR /app                                     0.0s
 => CACHED [3/5] COPY package*.json ./                            0.0s
 => CACHED [4/5] RUN npm ci --omit=dev                            0.0s
 => [5/5] COPY . .                                                0.1s
```

`package*.json` o'zgarmagan — `npm ci` keshdan olindi. Faqat oxirgi
`COPY` qayta bajarildi. Build 2.3 soniya oldi.

Endi tartibni buzamiz. Dockerfile'ni shunday qiling:

```dockerfile
FROM node:24-slim

WORKDIR /app

COPY . .
RUN npm ci --omit=dev

EXPOSE 3000
USER node

CMD ["node", "server.js"]
```

Bir marta build qiling, keyin `server.js` ni yana o'zgartirib qayta build
qiling:

```
 => CACHED [2/4] WORKDIR /app                                     0.0s
 => [3/4] COPY . .                                                0.2s
 => [4/4] RUN npm ci --omit=dev                                   4.0s
```

`COPY . .` ga `server.js` ham kiradi. U o'zgardi — kesh buzildi va
`npm ci` hech narsa o'zgarmagan bo'lsa ham qaytadan bajarildi. Build 8.1
soniya oldi.

| Tartib | `server.js` o'zgargandan keyin build |
|---|---|
| `package*.json` → `npm ci` → `COPY . .` | 2.3 s, `npm ci` keshdan |
| `COPY . .` → `npm ci` | 8.1 s, `npm ci` qayta |

Bu ilovada bitta asosiy paket bor — `express` (u bilan birga 65 ta
o'rnatiladi). Katta loyihada `npm ci` bir necha daqiqa olishi mumkin —
farq shuncha kattalashadi.

> **Qoida: kam o'zgaradigan narsa yuqorida**
>
> Dockerfile'ni o'zgarish chastotasi bo'yicha tartiblang: asosiy image →
> tizim paketlari → `package*.json` va `npm ci` → ilova kodi. Har kuni
> o'zgaradigan narsa eng pastda turadi va faqat o'zini qayta quradi.

<Callout type="warning" title="Kesh eskirgan natija bersa">
Kesh faqat buyruq **matnini** solishtiradi. `RUN apt-get update` bir
marta bajarilgan bo'lsa, oylab keshdan olinadi — paketlar ro'yxati
yangilanmaydi.

Keshsiz to'liq build kerak bo'lsa:

```bash
docker build --no-cache -t task-api:1.0 .
```

Asosiy image'ning yangi tuzatishlarini ham olish uchun `--pull` qo'shing:
u `node:24-slim` ning eng so'nggi variantini yuklab oladi.
</Callout>

Tajribadan keyin Dockerfile'ni to'g'ri tartibga qaytaring.

## Asosiy image tanlash: to'liq, slim, alpine

Uch variantni yuklab, hajmini solishtiramiz:

```bash
docker pull node:24
docker pull node:24-alpine
docker images node
```

```
IMAGE            ID             DISK USAGE   CONTENT SIZE   EXTRA
node:24          8fa96264f302       1.65GB          426MB
node:24-alpine   a34ab6d7f6f4        244MB         62.8MB
node:24-slim     01d566e8d94d        333MB         83.7MB
```

Ikki ustun bor: `DISK USAGE` — kompyuterdagi ochilgan hajm,
`CONTENT SIZE` — yuklab olinadigan siqilgan hajm. Docker'ning eski
versiyalarida bitta `SIZE` ustuni chiqadi — u birinchisiga mos keladi.

| Variant | Hajm | Ichida | Qachon |
|---|---|---|---|
| `node:24` | 1.65 GB | Kompilyator, `python3`, `git`, `curl` | Paket yig'ish (build) bosqichi |
| `node:24-slim` | 333 MB | Minimal Debian, `glibc` | Ko'p loyihalar uchun yaxshi tanlov |
| `node:24-alpine` | 244 MB | Alpine Linux, `musl` | Hajm muhim, paketlar sinab ko'rilgan bo'lsa |

To'liq image slim'dan besh barobar katta. Bu ortiqcha joy, sekin
yuklab olish va ko'proq dastur — demak xavfsizlik tuzatishi kerak
bo'ladigan ko'proq joy.

> **Alpine har doim ham to'g'ri tanlov emas**
>
> Alpine standart C kutubxonasi o'rniga `musl` ishlatadi. Sof JavaScript
> paketlar (`express`, `mongodb`) farqni sezmaydi. Lekin C/C++ da
> yozilgan qismi bor paketlar (`bcrypt`, `sharp` kabi) Alpine uchun alohida
> yig'ilishi kerak va ba'zan xato beradi.
>
> Slim bilan Alpine orasidagi farq bizda 90 MB atrofida. Ilova Alpine'da
> sinab ko'rilmagan bo'lsa, `slim` dan boshlang.

Slim konteyner ichida `curl` va `ps` yo'q — buni
[konteyner ichiga qarash](https://learncode.uz/docker/konteyner-ichida) paytida sezasiz:

```bash
docker run -d --name task-api -p 3000:3000 task-api:1.0
docker exec task-api ps aux
```

```
f5bd2ecf0f93b3ed1e51582e15afd0d1e5626441b4e0a015a3d7ac296aec8991
OCI runtime exec failed: exec failed: unable to start container process: exec: "ps": executable file not found in $PATH
```

Bu kamchilik emas, kelishuv: ilovaga kerak bo'lmagan dastur image'da
yo'q. Konteynerni o'chiring — 3000-port keyingi darsda ham kerak:

```bash
docker rm -f task-api
```

## Multi-stage build

Ba'zan paketlarni yig'ish uchun ko'p vosita kerak (kompilyator,
TypeScript), ishlatish uchun esa faqat natija. Ikkalasini bitta image'da
saqlash — vositalarni ham serverga olib borish demak.

> **Atama**
>
> **Multi-stage build** — bitta Dockerfile'da bir nechta `FROM`. Har `FROM`
> yangi bosqich boshlaydi. Yakuniy image faqat oxirgi bosqichdan iborat;
> oldingi bosqichlardan kerakli fayl `COPY --from=<nom>` bilan olinadi.

```dockerfile
# 1-bosqich: paketlarni o'rnatish
FROM node:24 AS deps
WORKDIR /app
COPY package*.json ./
RUN npm ci --omit=dev

# 2-bosqich: yakuniy image
FROM node:24-slim
WORKDIR /app
COPY --from=deps /app/node_modules ./node_modules
COPY . .
EXPOSE 3000
USER node
CMD ["node", "server.js"]
```

Birinchi bosqich to'liq `node:24` da ishlaydi — paketda C kodi bo'lsa
ham, kompilyator bor. Ikkinchi bosqich faqat tayyor `node_modules` ni
oladi. To'liq image'ning 1.65 GB i, npm keshi va vaqtinchalik fayllar
birinchi bosqichda qoladi.

```bash
docker build -t task-api:multi .
docker images task-api
```

```
IMAGE            ID             DISK USAGE   CONTENT SIZE   EXTRA
task-api:1.0     f045ec7ad304        342MB           83MB
task-api:multi   c6913a75821c        336MB         81.7MB
```

Yakuniy image `node:24-slim` asosida — 1.65 GB lik `node:24` uning
ichiga kirmadi. Bu ilovada yutuq 6 MB: `npm ci` qatlamidagi npm keshi
(`/root/.npm`) birinchi bosqichda qoldi. `docker history` bilan
tekshiring:

```bash
docker history task-api:multi
```

```
IMAGE          CREATED          CREATED BY                                      SIZE      COMMENT
c6913a75821c   4 seconds ago    CMD ["node" "server.js"]                        0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      4 seconds ago    USER node                                       0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      4 seconds ago    EXPOSE [3000/tcp]                               0B        buildkit.dockerfile.v0
<missing>      4 seconds ago    COPY . . # buildkit                             81.9kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      4 seconds ago    COPY /app/node_modules ./node_modules # buil…   4.52MB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      30 minutes ago   WORKDIR /app                                    8.19kB    buildkit.dockerfile.v0
```

`npm ci` qatlami (9.4 MB) o'rniga faqat `node_modules` (4.5 MB) keldi.

Katta foyda yig'ish bosqichi og'ir bo'lganda ko'rinadi: TypeScript'ni
JavaScript'ga aylantirish, frontend'ni yig'ish yoki C kodli paketni
kompilyatsiya qilish. Shunda birinchi bosqichda yuzlab MB vosita
ishlaydi, yakuniy image'ga esa faqat natija o'tadi.

## Hajmni o'lchash

Uch buyruq yetadi:

| Buyruq | Nimani ko'rsatadi |
|---|---|
| `docker images <nom>` | Image'ning umumiy hajmi |
| `docker history <nom>` | Har qatlam qancha qo'shgani |
| `docker system df` | Image, konteyner, volume va kesh jami qancha joy egallagani |

Qatlamlar image'lar orasida **bo'lishiladi**: `task-api:1.0` va
`task-api:1.1` ikkalasi `node:24-slim` qatlamlariga tayanadi va diskda
ular bir marta saqlanadi. Shuning uchun `docker images` dagi hajmlarni
qo'shib chiqqan son haqiqiy band joydan katta bo'ladi.

<Callout type="warning" title="Faylni keyingi qatlamda o'chirish hajmni kamaytirmaydi">
Sinov uchun 50 MB lik vaqtinchalik fayl yaratib, keyingi qatorda
o'chiramiz:

```dockerfile
FROM node:24-slim
RUN head -c 50000000 /dev/urandom > /tmp/big.bin
RUN rm /tmp/big.bin
```

```
IMAGE          CREATED         CREATED BY                                      SIZE      COMMENT
595b9e445908   4 seconds ago   RUN /bin/sh -c rm /tmp/big.bin # buildkit       8.19kB    buildkit.dockerfile.v0
<missing>      5 seconds ago   RUN /bin/sh -c head -c 50000000 /dev/urandom…   50MB      buildkit.dockerfile.v0
```

Fayl konteynerda ko'rinmaydi, lekin 50 MB lik qatlam image ichida
qoldi: image 330 MB o'rniga 430 MB bo'ldi. Qatlamlar faqat qo'shiladi.

Vaqtinchalik fayl kerak bo'lsa, uni yaratish va o'chirishni **bitta
`RUN`** ichida bajaring — `&&` bilan bog'lang:

```dockerfile
RUN head -c 50000000 /dev/urandom > /tmp/big.bin && rm /tmp/big.bin
```

Bu variantda qatlam 4.1 kB, image esa 330 MB. Yoki faylni multi-stage
build bilan oldingi bosqichda qoldiring.
</Callout>

## Amaliy mashq

1. `docker history task-api:1.0` ni bajarib, sizning Dockerfile'ingiz
   qatlamlari qayerda boshlanishini toping;
2. `server.js` ni o'zgartirib qayta build qiling — qaysi qadamlar
   `CACHED` ekanini yozib oling;
3. Dockerfile'da `COPY . .` ni `npm ci` dan oldinga ko'chiring,
   `server.js` ni yana o'zgartiring va build vaqtini solishtiring;
4. Tartibni tuzatib, `package.json` ga yangi paket qo'shing
   (`npm install morgan`) — endi `npm ci` nega qayta bajarilganini
   tushuntiring;
5. `FROM` ni `node:24`, `node:24-slim` va `node:24-alpine` bilan
   almashtirib uch image yig'ing va hajmini `docker images` da
   solishtiring;
6. Multi-stage Dockerfile yozib, yakuniy image `node:24` emas,
   `node:24-slim` asosida ekanini `docker history` bilan tasdiqlang.

3-qadam eng ko'p uchraydigan sekinlik sababini ko'rsatadi: bitta qator
noto'g'ri joyda turgani uchun har build paketlarni noldan o'rnatadi.

## Qisqacha xulosa

- Dockerfile'dagi **har buyruq — alohida qatlam**; `docker history` ularni
  hajmi bilan ko'rsatadi.
- Image hajmining katta qismini asosiy image beradi, sizning kodingiz
  emas.
- **Bitta qatlam o'zgarsa, undan keyingi hamma qatlam qayta quriladi** —
  shuning uchun kam o'zgaradigan buyruqlar yuqorida turadi.
- `package*.json` → `npm ci` → `COPY . .` tartibi kod o'zgarganda
  paketlarni keshdan oladi.
- `node:24` (1.65 GB), `node:24-slim` (333 MB), `node:24-alpine`
  (244 MB): **ko'p ilovalar uchun `slim` yetarli**.
- **Multi-stage build** yig'ish vositalarini birinchi bosqichda
  qoldiradi, yakuniy image'ga faqat natija o'tadi.
- Keyingi qatlamda o'chirilgan fayl image hajmidan ketmaydi.

Keyingi darsda [volume](https://learncode.uz/docker/volume) — konteyner o'chirilganda ham
ma'lumotni saqlab qolish.
